Iqtisodiyot vazirligida “Obod qishloq” dasturining ijrosi va istiqboldagi vazifalar mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Iqtisodiyot, Moliya, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Davlat avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, "O‘zbekenergo", "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyatlari, "Mahalla" xayriya jamoat fondi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
“Obod qishloq” dasturining ijrosi ilk bor Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida o‘z amaliy ifodasini topdi. Manas bor-yo‘g‘i 45 kunda tubdan yangilanib, fayzli maskanga aylantirildi. Endilikda Manas tajribasi asosida respublikadagi barcha qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish va iqtisodiy-ijtimoiy muhitni tubdan yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 416 qishloqda ishlar jadal amalga oshirilmoqda. Dasturga kiritilgan barcha qishloq aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqildi. Qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish uchun birinchi navbatda, uy-joylarni ta’mirlash va tartibga keltirish talab etiladi. Jumladan, 263 mingta uy-joy to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning 132,4 mingtasi ta’mirtalab ahvolda ekanligi aniqlandi.
Dastur doirasida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 17,9 mingta oqava suv xandaqlarida ta’mirlash-tiklash, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 ming 971 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 2 ming 384 dona transformator punktlarini modernizasiyalash va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilmoqda.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 417 kilometr gaz quvurlarini ta’mirlash, 374 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida sinash va 198 kilometr tarmoqlarning texnik holatini maxsus uskunalar yordamida diagnostikadan o‘tkazish belgilab olindi. Bugungi kunga qadar, ushbu tadbirlar doirasida 674 kilometr gaz quvurlari ta’mirlandi, 352 kilometr gaz quvurlari maxsus priborlar yordamida diagnostikadan o‘tkazildi va 1 ming 720 dona gaz taqsimlash punktlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz ta’minotidagi qishloqlarga 48 ming dona gaz ballonlar tarqatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 55 ming dona yetkazib berildi.
2 ming 589 kilometr yo‘llarni ta’mirlash, jumladan, 5 kilometr yo‘lda kapital ta’mirlash va 2 ming 584 kilometr yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari bajariladi. Bunda, mavjud asfalt-beton qoplamali yo‘llar joriy ta’mirlanadi hamda tuproq yo‘llar shag‘al yo‘llarga o‘tkaziladi. Bugungi kunga qadar ushbu tadbirlar doirasida 1 ming 469 kilometr avtomobil yo‘llari joriy ta’mirlandi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, “Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasi tayyorlandi. Keyingi yilda mamlakatimizning har bir tumanida 3 tadan qishloq tanlab olish belgilangan. Dastlabki manzilli ruyxatga ko‘ra, 2019 yilda 159 tumandagi 477 qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu qishloqlarda qurilish-obodonlashtirish ishlari joriy yilning 1 oktyabridan boshlanishi ko‘zda tutilmoqda va barcha zaruriy tashkiliy masalalar qaror bilan beligilangan.
Manba: uza.uz