Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

2016-2022 yillarda kimyoviy mahsulotlar eksporti 1,5 barobardan ziyod oshdi

2016-2022 yillarda kimyoviy mahsulotlar eksporti 1,5 barobardan ziyod oshdi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari 2016-2022 yillarda kimyo va gaz-kimyo mahsulotlarining asosiy turlarini ishlab chiqarish dinamikasini tahlil qildi.

Jahon bozoridagi beqarorlik va raqobatbardosh importning o‘sishiga qaramay, 2016-2022 yillarda kimyo sanoati rivojlanishda ijobiy natijalarga erishdi. Mahsulot ishlab chiqarishning umumiy hajmi qiyosiy narxlarda 11,7% ga, shu jumladan kimyoviy mahsulotlar (4,9%), rezina va plastmassa mahsulotlar (47,9%) kabi asosiy komponentlar bo‘yicha oshdi.

Tarmoq tarkibida eng katta ulush mineral o‘g‘itlarga to‘g‘ri keldi. Ularni ishlab chiqarish mutlaq hisobda 20,7% ga, shu jumladan azot 18,7% ga, fosfor 11,9% ga, kaliy 43,4% ga oshdi.

Azotli o‘g‘itlar segmentida karbamid ishlab chiqarish sezilarli darajada, aniqrog‘i 50% ga, ammiakli selitra ishlab chiqarish 10% ga oshdi. Ushbu turdagi mahsulotlarning eng yirik ishlab chiqaruvchilari qatoriga "Navoiyazot" AJ va "Farg‘onaazot" AJ kiradi. Umumiy karbamid hajmining 80% i va ammiakli selitraning 72,2% i ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. "Dehqonobod kaliy zavodi" tomonidan 199,5 ming tonna kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarildi. Bu kaliyli o‘g‘itlarning barchasi demakdir.

Soda kuli ishlab chiqarishda barqaror o‘sish dinamikasi qayd etildi. Ko‘rib chiqilayotgan davr uchun uning hajmi 1,6 baravar oshdi. Ichki talabning o‘sish omili akril, vinil va sintetik polimerlar asosidagi bo‘yoq va loklarni ishlab chiqarish hajmining o‘sish dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi – 135,6%. Bu esa maishiy kimyo sektorining rivojlanishiga ko‘mak berdi.

Polietilen (29,4%), polipropilen (23,8%) va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishning o‘sish tendensiyasi qayd etilgan texnologik o‘zgarishlarning omillaridan biri bo‘ldi. "Sho‘rtan GKK" MCHJ va "Uz-Kor Gas Chemical" MCHJ QK gaz-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi mavqeini mustahkamladi.

Tahlil qilinayotgan davrda kimyoviy mahsulotlar eksporti hajmi 1,5 barobardan ziyod oshdi. Ammo shu bilan birga ichki bozorning import hajmi har yili o‘rtacha 16,6 foizga kengaydi. Bu esa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishda mavjud quvvatlardan yetarlicha foydalanilmayotganini ko‘rsatadi.

Kimyoviy mahsulotlarga talab oshishini hisobga olib, o‘zimizda ishlab chiqarishini kengaytirish orqali ichki bozordagi ehtiyojni qondirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni ko‘rish rejalashtirilgan. Buning uchun kimyoviy va texnologik klasterlar tashkil etiladi. Bu xorijiy investorlarni jalb qiladi, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro ta’sirini kuchaytirish, shuningdek, yangi texnologiyalarni tatbiq etishga asoslangan yangi innovasion mahsulotlarni ishlab chiqarishga turtki beradi.

Kiritildi: 13:28 25.03.2023. O'qildi: 1004 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!