Immigrasiya xizmati talablari va moliyalashni qisqartirish tahdidlari tufayli AQShning 20 shtati Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga da’vo arizasi kiritdi. Ularning ko‘pchiligi demokratlar tomonidan boshqariladi, deb xabar beradi The New York Times.
Shtatlarning bosh prokurorlari ikki alohida da’vo arizasini topshirgan — biri Favqulodda holatlar bo‘yicha federal agentlik (FEMA) va Ichki xavfsizlik vazirligiga, ikkinchisi Transport departamentiga qarshi yo‘naltirilgan.
Da’vodagi asosiy masala — federal mablag‘larning transport, terrorizmga qarshi kurash va favqulodda holatlarga tayyorgarlik sohalarida qisqartirilishi. Shtatlar bu harakatlarni «ochiqdan-ochiq noqonuniy» deb atashmoqda. Ularga ko‘ra, ma’muriyat Kongressning moliyaviy vakolatlarini o‘zlashtirmoqda va mablag‘ vositasida Tramp siyosatini shtatlarga majburiy tarzda qabul qildirmoqchi.
Da’vo tashabbuskorlari — Kaliforniya, Illinoys, Nyu-Djersi, Rod-Aylend va Merilend. Ularga Kolorado, Konnektikut, Delaver, Gavayi, Men, Massachusets, Michigan, Minnesota, Nevada, Nyu-Meksiko, Nyu-York, Oregon, Vermont, Vashington va Viskonsin qo‘shilgan.
Barcha shtatlarda bosh prokurorlar va gubernatorlar demokratlardan, faqat Nevada va Vermontda gubernatorlar respublikachilar hisoblanadi.
Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta sud jarayoniga rahbarlik qilmoqda.
«Prezident Tramp muhim federal mablag‘larni siyosiy muzokara vositasi sifatida ko‘rayotgani xavotirli», – dedi u o‘z bayonotida.
Oq uy o‘tgan oyda ikki farmon e’lon qilgandi — unda aytilishicha, agar «panohgoh-yurisdiksiyalar» (sanktuar shaharlar) immigrasiya idoralari bilan to‘liq hamkorlik qilmasa, ularning moliyalashtirilishi to‘xtatilishi mumkin
«Agar ushbu demokrat bosh prokurorlar jinoyatchilarga qarshi kurashga va o‘z jamoalardagi noqonuniy gangster-immigrantlar muammosini hal qilishda Tramp ma’muriyati bilan hamkorlik qilishga e’tibor qaratishsa, o‘yin o‘ynashmasa – amerikaliklar uchun yaxshiroq bo‘lardi», – dedi bu ish yuzasidan izoh bergan Oq uy vakili Kush Desai.