Eron polisiyasi 2 tonna oltin to‘plagan “tangalar sultoni”ni qo‘lga oldi. Bu haqda Tehron polisiyasi boshlig‘i Husayn Rahimiyga iqtibos keltirgan holda IRIBteleradiokompaniyasi ma’lum qildi.
“O‘tgan yil davomida 2 tonna oltin to‘plab, uni sotish orqali katta daromad olgan “tangalar sultoni” ushlandi”, deb aytgan polisiya boshlig‘i.
Rahimiyning ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan erkak mamlakat iqtisodiyotiga putur yetkazuvchi oltin tangalar noqonuniy bozorini tashkil etgan. U oltin sotib olishda yordamchilardan foydalangan. Polisiya yana 2 kishini hibsga olgan. Ular ushlanganda yonlaridan 20 kg oltin topilgan.
Rahimiy qo‘lga olingan kimsaning ismini oshkor qilmagan, faqatgina u 58 yoshda ekani va mahalliy OAV uni “tangalar sultoni” deb atashini ma’lum qilgan.
Eronda milliy valyuta rial oxirgi oylarda qadrsizlangani sababli, oltin tangalarga talab ortgan. Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz tufayli tartibsizliklar yuz berib turibdi.
O‘tgan hafta namoyishlar sababli Tehronning eng katta bozori – Katta bozor va ikkita yirik savdo markazi yopib qo‘yilgan. Savdo nuqtalari egalari parlament oldida milliy valyutaning qadrsizlanishi va inflyasiya darajasi oshishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishgan. Mamlakat janubida esa ichimlik suvi tanqisligiga qarshi namoyishlar o‘tgan.
Manba: kun.uz