Buxoro shahrilik 18 yoshli M.I. o‘z xohishi bilan ancha vaqtdan buyon 26 yoshli,oilali bo‘lgan Kogon tumani fuqarosi R.S. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan.
Ta’kidlanishicha, M.I. fuqaro R.S. bilan o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan ishqiy munosabat voqealarini yashirin ravishda videotasvirga olib kelgan. Avvaliga kichik miqdorda pul talab qilib kelgan M.I. keyinchalik uning mol-mulkini ham tovlamachilik yo‘li bilan talon-taroj qilishni ko‘zlagan. Video tasvirlarni R.S.ning yaqin qarindoshlari va oilasiga oshkor qilmasligi evaziga 5000 AQSh dollari berishini talab qilgan. Qo‘rqitgan va siquvga olgan.
Fuqaro R.S. holat yuzasidan ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan holat yuzasidan uyushtirilgan tezkor tadbirda M.I. 5000 AQSh dollarini R.S.dan olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.