Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

18 yoshli andijonlik yigit 5-bor jinoyatga qo‘l urdi. Bu safar masjidda

18 yoshli andijonlik yigit 5-bor jinoyatga qo‘l urdi. Bu safar masjidda

Qahramonimiz Azamat Qodirov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 1991 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti o‘rta-maxsus, vaqtincha ishlamaydi. Muqaddam bir necha o‘g‘irlik, firibgarlik, bosqinchilik kabi jinoyatlarni sodir etib panjara ortida o‘tirib chiqqan.

A. Qodirov 18 yoshida jinoyat sodir qildi.

Dastlabki jinoyati uchun o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘rg‘ontepa tuman jinoyat sudining hukmiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan ayblanib, 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Hukumatimizning insonparvarlik, adolatparvarligi bois Oliy Majlis Senatining 2009 yil 28 avgustdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Azamat ozodlikka chiqib ham o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Yana jinoyat ko‘chasiga kirdi. Bosqinchilik qildi. Oqibatda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudining 2012 yil 13 apreldagi hukmiga asosan 3 oy qamoq jazosiga hukm qilindi.

Qamoqdan chiqib yanajinoyatga qo‘l urdi. Bu gal unga Jalaquduq tuman sudi 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

A.Qodirov 2016 yilda to‘rtinchi jinoyatini sodir qildi. Bu gal sudning hukmi bilan 2 yilga kesildi. Odil sud uning ishini nazorat tartibida o‘rganib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Angren shahar sudining 2016 yil 12 avgustdagi ajrimi asosida Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan o‘talmay qolgan 1 yil 3 oy 17 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi ish haqining 25 foizi miqdorini davlat daromadiga undirgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Azamat Qodirov ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Chirchiq shahar sudining 2018 yil 14 maydagi ajrimi bilan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan o‘talmay qolgan 11 oy 14 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Azamat qamoqdan chiqiboq yana jinoyatga qo‘l urdi.

Qamoqdan shartli ozod qilingan Azamat Qodirov oxirgi bor qanaqa jinoyat sodir qilgan dersiz?

Ma’lum bo‘lishicha, A.Qodirov bir qancha jinoyatlarni sodir qilgani uchun xavfli residivist deb topilgan edi. U tanishi O‘.Oripov bilan oldindan til biriktirib, o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 2018 yil 19 dekabr kuni soat 17:20larda Toshkent shahar Shayxontohur tumani Ko‘kcha darvoza ko‘chasida joylashgan “Shayx Zayniddin” jome’ masjidida fuqaro SH. Ilhomovga tegishli bir dona qora rangli narxi 150.000 so‘mlik oyoq kiyimini yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan qochgan.

Bundan tashqari, Azamat xuddi shu kuni shu soatda N.Rustamovga tegishli bir dona qora rangli narxi 880.000 so‘mlik erkaklar kurtkasi va kurtka ichida bo‘lgan jami 2.500.000 so‘m miqdordagi pulni, D.Lazizovga tegishli bir dona qora rangli, narxi 400.000 so‘mlik “CORBONA” nomli erkaklar kurtkasini yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan...

Azamat Qodirov sudda va suddan keyin yozgan apellyasiya shikoyatida qilmishidan afsusda ekanligi, oilaviy sharoiti og‘irligi, ota-onasi og‘ir kasalligi, hali oila qurmaganligi, oilada yagona boquvchi ekanligini inobatga olib, unga yana bir imkon berishni so‘radi.

Sudlanuvchining aybi jabrlanuvchi va guvohlarning suddagi ko‘rsatmalari, jabrlanuvchilarning arizalari, IIO FMB xodimlarining bildirgilari, dalolatnoma, dastlabki tushuntirish xatlari, voqea joyi chizmasi, daliliy ashyolarni olish bayonnomalari, narsani ko‘zdan kechirish bayonnomasi va unga ilova qilingan fotojadval, yuzlashtirish bayonnomalari hamda jinoyat ishidagi boshqa ob’ektiv dalillar yig‘indisi bilan o‘z isbotini to‘liq topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining 2019 yil 18 fevraldagi hukmiga ko‘ra Azamat Qodirovga Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 60-moddasi tartibida bir necha hukm yuzasidan, tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘l bilan, ya’ni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman sudining 2016 yil 1 fevraldagi hukmiga ko‘ra o‘talmay qolgan jazoni qisman qo‘shib, uzil-kesil o‘tashi uchun 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashlik belgilandi.

A.Qodirov sud hukmidan norozi bo‘lib jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyasiya shikoyati keltirdi.

Birinchi bosqich sudi tomonidan A.Qodirovga nisbatan jazo turi va me’yorini tayinlashda insonparvarlik hamda odillik prinsiplariga tayangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi Qarorining tushuntirishlariga rioya qilib, jinoyat ishi bo‘yicha barcha yengillashtiruvchi holatlarni xususan, oilaviy sharoitini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, unga aybli deb topilgan modda sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, to‘g‘ri xulosaga kelgan.

Bunday holatda A.Qodirovga chiqarilgan sud hukmini o‘zgartirish, unga tayinlangan jazoni yanada yengillashtirish uchun ishda asoslar mavjud emasligi sudlanuvchiga tushuntirildi va hukm o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Anjela Shamsutdinova,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi

Kiritildi: 17:04 30.06.2020. O'qildi: 3165 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!