O‘tgan yili kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, “Tashabbusli byudjet”da sheriklik tizimiga ruxsat berilgan edi. Bunda loyiha qiymatining 50 foizini mahalla aholisi qoplashga rozi bo‘lsa, qolgan 50 foizi uchun byudjetdan mablag‘ ajratilishi kafolatlanadi, hech qanaqa ovoz yig‘ish shart bo‘lmaydi.
2026 yilning 1-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 16 ta loyiha sheriklik asosida g‘olib deb topildi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun fuqarolar tomonidan jami 3,3 mlrd so‘m mablag‘ yig‘ildi.
Sheriklik loyihalarining katta qismi Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda: 7 ta mahalla 1 mlrd 800 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ yig‘ib bergan.
16 ta sheriklik loyihasining 13 tasi yo‘lni asfalt qilishga, 3 tasi transformator va simyog‘ochlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, g‘olib deb topilgan loyihalarning 4 tasi tanaffusga tushgan edi. Amaldagi tartibga ko‘ra, sheriklikni tanlagan mahallalarga tanaffus cheklovi amal qilmaydi.