Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

«15 yoshida ona bo‘lgan qiz»: Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotni rad etmoqda

«15 yoshida ona bo‘lgan qiz»: Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotni rad etmoqda

«Daryo» internet nashrida Koson tumanida o‘quvchi qiz 15 yoshida ona bo‘lgani, bu haqda maktab rahbariyati, XTB va tug‘ruqxona mas’ullari ham o‘z vaqtida xabar bermagani xususida xabar berilgandi. Ushbu maqolaga Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.

— Aniqlanishicha, 2018 yil 10 may kuni Koson tumani tug‘ruq kompleksida navbatchi shifokor Nodira Boymurodovaning navbatchiligi paytida taxminan tungi soat ikkilar chamasida qabul bo‘limiga ikki ayol yoshgina juvonni qo‘ltiqlab olib kelishgan. Shifokorlar homilador ayolni birdan tug‘ruq zaliga olib kirishgan. Uning hamrohlari esa bola tug‘ilmasidan ketib qolishgan, — deyiladi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati munosabatida.

Boshqarma matbuot xizmatining yozishicha, 15 yoshida ona bo‘lgan o‘quvchi qiz farzandini dunyoga keltirgan kuni kechasi tug‘ruqxonadan qochib ketgan.

— Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan yosh ayol qiz farzandni dunyoga keltirgan. Ikki soatdan so‘ng u palataga o‘tkazilgan. Biroq tong otgunicha yosh ona chaqalog‘ini tashlab tug‘ruqxonadan qochib ketgan. U bilan birga kelgan ayollardan ham darak bo‘lmagan, — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov. — Shundan so‘ng tug‘ruq kompleksi ma’muriyati tomonidan darhol tegishli idoralarga xabar berilgan. Bolani vasiylik va homiylik organi vakillari olib ketishgan.

«Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabardagi tug‘ruqxona mas’ullari buni bir yildan ortiq vaqt davomida yashirgan, degan da’vo asossiz deb hisoblaymiz», — deyiladi xabarnomada.

Mavzuga doir: Kosonda o‘quvchi qiz 15 yoshida ona bo‘ldi. Maktab rahbariyati, tuman XTB va tug‘uruqxona mas’ullari hodisani bir yildan ortiq yashirgan

Eslatib o‘tamiz, «Daryo»da chop etilgan maqolada Koson tuman IIB tergovchisi o‘quvchi qiz va uning farzandi taqdiri huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 2019 yil mart oyida ayon bo‘lganini, unga qadar na maktab rahbari, tuman XTB va tug‘ruqxona mas’ullari ham hech kimga xabar bermagani xususida aytgandi. IIB tergovchisi Nodir Murodovning aytishicha, mutasaddilarning huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga vaqtida xabar bermagani sababli bu haqda prokuraturaga taqdimnoma ham kiritilgandi.

Boshqarma munosabatida o‘quvchi qiz taqdiri xususida tegishli idoralarga xabar qilingani yozilayapti-yu, ammo aynan qaysi idoraga xabar berilgani ochiqlanmagan. IIB esa buni rad etmoqda. Bosh prokuraturaning «Daryo»ga bergan bayonotida ham ushbu holat uzoq vaqt davomida sir saqlangani aytilgandi.

Qiziq, holatga kim oydinlik kiritadi?

Kiritildi: 16:13 08.11.2019. O'qildi: 3127 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!