MIB joriy yilning 22 yanvar kuni “Sizdan Telegram” tarmog‘iga joylashtirilgan “10 yilki, aliment pulini o‘z vaqtida ololmayman” nomli xabar yuzasidan munosabat bildirdi.
Xabarda, Toshkent viloyati Zangiota tumani Oqtom MFY Bibixonim ko‘chasi 2a-uyda yashovchi Ismoilova Ma’mura 2010 yilda sud 2 nafar farzandi uchun sobiq turmush o‘rtog‘idan aliment puli undirish haqida qaror chiqqanligini, ammo, 10 yilki aliment pulini o‘z vaqtida ololmayotganini, hozir ham bir necha oylik alimentdan qarzi mavjudligini bayon qilgan.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining 2010 yil 6 oktyabrdagi qarzdor D.Kushakovdan undiruvchi M.Kushakova (Ismoilova) foydasiga ikki nafar farzandi taminoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati sobiq sud ijrochilarining Toshkent tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor D.Kushakov “KELES RENESANS” MCHJda ishlayotganligi aniqlanib, 2016 yil 30 iyuni kuni aliment undiruvi O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 64-moddasiga asosan ish haqiga qaratilgan.
Qarzdor D.Kushakov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi “KELES RENESANS” MCHJning 2019 yil 4 apreldagi buyrug‘iga asosan bekor qilingan.
Shundan so‘ng, “KELES RENESANS” MCHJ Majburiy ijro byurosi Toshkent tumani bo‘limiga 2019 yil 10 may kuni qarzdor D.Kushakovning aliment undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i hamda tegishli ma’lumotnomalarni taqdim qilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan 2019 yil 10 may kunidan boshlab majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Shuningdek, qarzdor D.Kushakovning mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan javoblarga ko‘ra qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulklari yo‘qligi aniqlangan.
Bundan tashqari, qarzdor D.Kushakovning yashash manziliga ya’ni Toshkent tumani, Ko‘ksaroy qfy, Chig‘atoy ko‘chasi, 64-uyga chiqilganda qarzdorning birinchi ehtiyojidan tashqari mol-mulklari yo‘qligi aniqlangan va bu haqda tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Qarzdor D.Kushakovning undiruvchi M.Kushakova foydasiga 2019 yil 1 noyabr kuni holatiga alimentdan bo‘lgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan, qarzdorning aliment bo‘lgan qarzdorligi 2 (ikki) oyni ya’ni 2019 yilning noyabr, dekabr oylari uchun 1.230.000 so‘mni tashkil qilgan.
Keyingi olib borilgan ijro harakatlari davomida, qarzdor D.Kushakov “Global Alfa Trans” MCHJda ishlayotganligi aniqlangan va 2020 yil 13 yanvar kuni Qonunning 64-moddasiga asosan qarzdorning alimentdan bo‘lgan 1.230.000 so‘m qarzdorligi qoplanguniga qadar oylik ish haqining 50 foizi, qarzdorlik qoplanganidan so‘ng 33 foiz miqdori aliment uchun yo‘naltirilishi to‘g‘risida talabnoma yuborilgan.
Kelgusida aliment pullari undiruvchining yashash manziliga qarzdorning ish haqi hisobidan yuborib turiladi.