O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari aylanmadan olinadigan soliqni pasaytirilgan stavkada – 1 foiz miqdorida to‘laydi. Bu haqda Davlat soliq xizmati xabar berdi.
Aniqroq aytganda, o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchisi bir oyda 2 mln so‘m daromad topsa, u to‘lashi lozim bo‘lgan soliq miqdori atigi 20 ming so‘mni tashkil etadi. Agar yo‘lovchilarni tashish faoliyati onlayn-agregatorlar orqali amalga oshirilsa, soliqni ushlab qolish taksi agregatorlari tomonidan haydovchilarga daromadlarni o‘tkazish chog‘ida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Bunda agregator soliqni faqat o‘z platformasi orqali olingan daromadlardan ushlab qoladi. Agregatordan tashqarida shakllangan daromadlar ushbu mexanizm asosida soliqqa tortilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ham QR koddan foydalanishi shartmi?
2026 yil 1 yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun raqamli platformalarda shakllantirilgan elektron to‘lovlarni qabul qilish maqsadida maxsus QR kodga ega bo‘lish majburiy talab sifatida joriy etiladi.
Ushbu talab soliq organlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilingan elektron platformalarga ega agregatorlar orqali yo‘lovchilarni tashish va buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tatbiq etilmaydi. Ya’ni soliq tizimlariga ulangan rasmiy agregatorlar orqali faoliyat yurituvchi taksi haydovchilari va kurerlarga alohida QR kod o‘rnatish shart emas.