Farg‘ona tumanida aholi salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi dori vositalari Majburiy ijro byurosi tomonidan yo‘q qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining ijro hujjatlari asosida MIB Farg‘ona tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan tekshirishdan qolgan hamda muomalaga chiqarilishi mumkin bo‘lmagan dori vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirildi.
Xususan:
🔹 Ashyoviy dalil sifatida olingan 990 dona “Tropikamid 10 ml” dori vositasi;
🔹 Umumiy qiymati 1 milliard 674 million 448 ming so‘m bo‘lgan 29 ming 251 dona muddati o‘tgan turli xil tibbiy dori vositalari.
Qonun talablariga muvofiq, mazkur dori vositalari tegishli tashkilotlar va mas’ullar ishtirokida Farg‘ona tumanidagi maxsus utilizasiya maydonida yoqish usuli orqali yo‘q qilindi.
Ba’zilar uchun oddiy quti, ampula yoki dori bo‘lib ko‘ringan bu vositalarning noqonuniy ravishda muomalaga qaytishi inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin edi. Shu bois sud hujjatlari ijrosini ta’minlash bilan bir qatorda aholi xavfsizligini muhofaza qilish ham davlat ijrochilarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Natijada ijro hujjatlari to‘liq bajarilib, qariyb 1 milliard 700 million so‘mlik dori vositalari qonun doirasida muomaladan chiqarildi.
Qonun ijrosi ta’minlandi. Salomatlikka tahdid soluvchi vositalar esa olovda kulga aylantirildi.