Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Jamiyat ma’naviyatsiz qulab tushadi

Jamiyat ma’naviyatsiz qulab tushadi

Inson odobi bilan go‘zal bo‘lganidek, jamiyat ham mukammal ma’naviyati, yuksak madaniy merosi bilan go‘zaldir.

Biror viloyatimiz yo‘qki qadimiy va mukammal madaniy merosimiz, kuchli avlod-ajdodimiz qoldirgan izi bo‘lmasa. Muhtaram Prezidentimizning qalb og‘riqlari ham aynan shunda.

Jannatmakon yurtimizning har bir go‘shasi allomalarimiz bilan mashhur. Masalan Buxoro – al-Buxoriy, Samaraqand – al-Samarqandiy, Xorazm – al-Xorazmiy, Termiz – at-Termiziy, Farg‘ona – al-Farg‘oniy, Qarshi – al-Nasafiy , Qo‘qon, Namangan, Toshkentning shoir va ulomalari yurtimizning faxri hisoblanadi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, “biz qandaydir tashqaridan kelgan ma’naviy qurolga muhtojmizmi?”. Aslo, biz faqat ulkan madaniy-ma’naviy meros qoldirgan allomalarni o‘qib, o‘rganib, ularning adolat, haqiqat, or-nomus, vijdon, imon, e’tiqod, bag‘rikenglik, odamiylik mulklarini to‘g‘ri o‘zlashtirimiz lozim. Aynan butun dunyo havas qiladigan merosni o‘rganmaganimiz, tafakkurimizga singdirmaganimiz natijasida biz, ayniqsa yoshlarning dunyoqarashiga salbiy ta’sir qilmoqda. Shu o‘rinda ularning fikrini chalg‘itayotgan yot g‘oyalardan asrab, avaylash o‘ta muhim. Buni hozirdan boshlash lozim. Aks holda ertaga kech bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Yaqinda Prezidentimiz ma’naviyat  ziyolilar  bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhim jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuv davomida aynan bugungi global tarixiy jarayonda – aynan ma’rifat, salohiyatiga ega bo‘lgan, tajribali, boy ma’naviyat sohib-sohibalariga dolzarb, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, butun davlat tashkilotlari, vazirliklar, hokimiyat, mahalla, xotin-qizlar, yoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, xalqimiz, millatimiz dunyoqarashiga kuch va quvvat bo‘lish bilan bir qatorda, bitta yo‘lni, yangicha fikrlab, har birimiz, jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar, befarq va loqayd bo‘lmasdan, bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zligimizni anglashga chorladilar. Yangicha motivasiya – konsolidasiya yo‘llariga, katta darvoza ochib berdilar. Ya’ni iqtisodiyot taraqqiyotning tanasi bo‘lsa, ma’naviyat jonu dili, ruhi deb ta’kidladilar.  Barcha mahallalarga bilimdon, olim-olimalarni jalb qilishni maslahat berdilar hamda ma’naviyat, ijod-gullab yashnashi uchun 120 miliard so‘m mablag‘ ajratdilar.

Yuqorida misol keltirgan buyuk allomalarimizning barchasi o‘z hisobidan masjid va madrasa qurib, hammani ilm va bilimga, milliy o‘zlikni anglashga harakat qilishgan. Bu biz uchun katta saboq va xazinadir.

Har qanday davlatning gullab-yashnashi uchun milliy merosni borligicha o‘rganib, e’zozlab, targ‘ib qilib, yoshlarimizning ongi shuuriga ta’sir qila olishimizdir. Qanday san’at turi bo‘lishidan qat’iy nazar, u maqommi, tasviriy sa’natmi, adabiyot, teatr, kino, kashtachilik, miniatyura, gilamchilik,to‘qimachilikmi – barchasi inson ma’naviy qiyofasiga ta’sir qiluvchi asos hisoblanadi. Ammo biz madaniy merosimizni farzandlarimizga o‘rgatish, dunyoqarashini kengaytirishga harakat qildikmi? Achinarlisi ko‘pchilik bir kunlik to‘yu-tantanani targ‘ib qildi, muhim jihatlarni unutib qo‘ydi. Prezidentimiz uchrashuvda jon kuydirib, qalb og‘rig‘i bilan jamiyatimidagi ma’naviy tanazzul bo‘lmish oilaviy ajrimlar haqida gapirdilar. Mana sizga ma’naviy qashshoqlikning ildizi. Bejiz allomamiz Abdulla Qodiriy, “Baxtsiz kuyov” hikoyasida qarzga botgan yosh oilaning fojiali o‘lim bilan tugagan, to‘y xarajatining oqibati sababini ochib tashlamagan. Bu asarning yozilganiga 105 yil bo‘libdi. Ammo 21 texnologiya asrida rivojlangan O‘zbekistonimizda ba’zi bir o‘ziga ma’naviy libosni emas, sun’iy, o‘ylab topgan, eski stereotip ostidagi rasm- rusumlarni pesh qilib, bema’ni to‘y qilib, hozir ham fojia bilan tugayotgan oilalar yo‘q emas. Bularning barining negizida ma’naviy ko‘rlik, qashshoqlik, manmanlik, manqurtlik yotadi. Bu esa ba’zi bir “diplomlik” ota-onalarning bilimsizligi, o‘z milliy-diniy qadriyatlaridan bexabar bo‘lgan vatandoshlarimizdir.

Bejiz davlat rahbarimiz biz ma’naviyatchilar  bilan uchrashuv jarayonida jamiyatimiz ildiziga bolta urayotgan, ba’zi bir yengil-elpi kino, teleko‘rsatuvlar, spektakllarni tanqid qilmadilar. Nima uchun endi qandaydir “tik-tokchilar” yoshlarimizning ongini zaharlashi kerak deb.

O‘zbekiston xalqi bag‘rikeng, qalbidaryo, mehmondo‘st, bag‘ri quyosh xalq. Yuragimizdan 130 ortiq millat va ellatga darmon va quyoshmiz. Shunday ekan kelgusida uchrashuvdagi muhim masalalarning yechimiga bor kuchimiz, g‘ayratimiz, shijoatimiz, tajribamiz bilan professional yondashamiz. Barchasini uddalashimizga ishonaman.

Jamila SHERMUHAMMEDOVA,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati  faol a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi,

xalqaro toifadagi spiker (trener)

Kiritildi: 15:23 25.01.2021. O'qildi: 2734 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!