Bugun 4 iyul, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekistonning Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti davlatlari bilan tashqi savdo hajmi 11 milliard dollardan oshdi

O‘zbekistonning Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti davlatlari bilan tashqi savdo hajmi 11 milliard dollardan oshdi

Ozarbayjonning Shusha shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 6-biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum doirasida IHT mamlakatlari o‘rtasida investisiya va savdoni rivojlantirish asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekistondan Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov boshchiligidagi delegasiya faol ishtirok etmoqda. Forumda Ozarbayjon, Afg‘oniston, Tojikiston, Turkiya, Qirg‘iz Respublikasi, Pokiston va Qozog‘istonning savdo-sanoat tashkilotlari rahbarlari ham qatnashmoqda.

Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti a’zo davlatlar o‘rtasida barqaror iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy savdo integrasiyasini kuchaytirishni maqsad qiladi. Tashkilot 1985 yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston 1992 yildan a’zo hisoblanadi.

Forumda Davron Vaxabov O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va tashqi savdo aloqalari haqida ma’lumot berdi. U mintaqadagi kooperasiya imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning IHT davlatlari bilan tashqi savdo hajmi 11 milliard dollardan oshgan.

Tadbir doirasida V2V va V2G formatlarida uchrashuvlar ham tashkil etildi. Bu muloqotlar yangi biznes loyihalarini muhokama qilish va IHTga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Shushadagi mazkur forum O‘zbekiston tadbirkorlari uchun yangi bozorlarga chiqish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholanmoqda.

Kiritildi: 16:06 02.07.2025. O'qildi: 443 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!