Toshkent xalqaro aeroportida moddiy qiynalgan 3 qizni fohishalik maqsadida Tailandga jo‘natmoqchi bo‘lgan 53 yoshli ayol qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent xalqaro aeroportida 3 nafar qizni fohishalik uchun Tailandga yuborishga uringan ayol ushlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi 53 yoshli ayol moddiy jihatdan qiynalgan qizlarning ish topib pul ishlash istagidan foydalanib, ularni fohishalikka jalb etish maqsadida Tailandga yuborishni rejalashtirgan.
21 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti, Samarqand viloyati IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida aeroportda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi qizni yuborish jarayonida ushlangan.
Tezkor tadbir paytida 31, 23 va 18 yoshli 3 nafar qiz Tailandga yo‘l olayotgani aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol Tailanddagi erkak tanishi bilan kelishib, u yerda qizlarga ish topish sharti bilan 5 ming dollar olishi kerak bo‘lgan.
Qizlar esa uch oy davomida fohishalik qilib, ayol talab qilgan mablag‘ni topib berishga majbur etilishi rejalashtirilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining odam savdosi bo‘yicha moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Gumonlanuvchi prosessual tartibda qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.