14 iyun kuni soat 16:40 larda Toshkent viloyati Bekobod shahridagi temiryo‘l kesishmasida mikroavtobus va lokomotiv ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda viloyat YHHB ma’lum qildi.
Hodisa Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan, shlagbaumsiz, ammo svetofor va yo‘l belgilari bilan jihozlangan temiryo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan. 2002 yilda tug‘ilgan X.F. boshqaruvidagi JAC rusumli mikroavtobus «O‘zmetkombinat» AJga tegishli dizel lokomotiv bilan to‘qnashgan.
Mikroavtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan. Hodisa oqibatida transport vositalari texnik shikastlangan. Haydovchi sog‘-salomat. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.