Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov va Sankt-Peterburg vise-gubernatori Nikolay Linchenko rahbarligidagi delegasiya o‘rtasidagi uchrashuvda shaharsozlik va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Suhbat davomida Yangi Toshkentda «Peterburg mahallasi» qurish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.
Mahalla loyihasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik ramzi sifatida amalga oshiriladi. U Toshkentning sharqiy qismidagi Yangi Toshkent shahar hududida barpo etiladi. Unda Sankt-Peterburgning noyob me’morchiligi va diqqatga sazovor joylarining elementlaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari 2026 yilda boshlanishi kutilmoqda. Mahallada turar-joy binolari, jamoat maskanlari va zamonaviy ko‘cha-yol infratuzilmasi yaratiladi. Loyihani amalga oshirishda Sankt-Peterburg mutaxassislari ishtirok etadi. Shuningdek, ko‘cha va transport infratuzilmasini xususiy investor barpo etadi.
Mazkur tashabbus ilk bor 2023 yildagi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ilgari surilgan bo‘lib, o‘shandan beri ikki tomon ishchi guruh doirasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. Loyiha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent qurilish direksiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Yangi Toshkent loyihasi doirasida 1 million aholiga mo‘ljallangan shahar barpo etiladi. Davlat idoralari, universitetlar, mehmonxonalar va zamonaviy biznes markazlari joylashishi rejalashtirilgan.