AQSh prezidenti Donald Tramp buyrug‘iga binoan, Kaliforniyadagi harbiy bazaga qarashli 700 nafar dengiz piyoda askarlari Los Anjelesdagi namoyishlarga qarshi harakatlarda milliy gvardiya safiga qo‘shildi. Bu qaror gubernator va shahar hokimiyati roziligisiz qabul qilindi.
CNNning manbalariga ko‘ra, Kaliforniyadagi «Twentynine Palms» harbiy bazasidan 2-batalyon, 7-dengiz piyodalari diviziyasi safarbar qilindi. Ushbu askarlar Los-Anjelesdagi federal mulk va xodimlarni himoya qilish maqsadida AQSh Armiyasining «Task Force 51» guruhi bilan birgalikda harakat qiladi.
Hozirgi vaqtda shaharda 1 700 nafar milliy gvardiya a’zosi faoliyat yuritmoqda, shanba kuni Tramp tomonidan jami 2 000 nafar xizmatchi safarbar etilgan edi. Dushanba kuni Pentagon yana 2 000 nafar gvardiyachi yuborilishi to‘g‘risida ma’lum qildi, ammo ularning yetib kelish sanasi hali aniq emas.
Marinlar aniq huquqni muhofaza qilish vazifalarini bajarishga haqli emaslar — ular faqat Insurreksiya akti qo‘llanilgan taqdirdagina namoyishchilarni qo‘lga olish yoki kuch ishlatish vakolatiga ega bo‘ladi. Hozircha ularning vazifalari rasman ochiqlanmagan, ammo himoya perimetrini ta’minlash va odamlar oqimini nazorat qilish bilan bog‘liq topshiriqlar bo‘lishi mumkin.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bu qarorni «asossiz va misli ko‘rilmagan» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, AQShdagi eng nufuzli harbiy bo‘limni fuqarolarga qarshi ishga solish «besabab eskalasiya» hisoblanadi.
Los-Anjeles polisiyasi rahbari Jim Makdonnell esa barcha agentliklar o‘rtasida uzluksiz aloqa va muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri harakatlarning oldini oladi.
Marinlar oxirgi marta 1992 yildagi Los-Anjelesdagi ig‘vogarliklar payti ichki yurishlar uchun safarbar etilgan edi. Shu bois bu safargi qaror AQSh ichki siyosatida jiddiy qadam sifatida baholanmoqda.