AQSh prezidenti Pensilvaniya shtatidagi po‘lat quyish zavodida so‘zlagan nutqida, bu qadam mahalliy po‘lat sanoatini va milliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qilishini, shuningdek, Xitoyga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishini ta’kidladi.
Donald Tramp, shuningdek, US Steel va Yaponiyaning Nippon Steel kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik orqali mintaqada po‘lat ishlab chiqarishga 14 milliard dollar investisiya kiritilishini aytdi.
"Hech qanday ishdan bo‘shatishlar yoki ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlarga topshirish bo‘lmaydi. Har bir amerikalik po‘latchi tez orada 5 ming dollarlik munosib mukofot oladi", — dedi Tramp korxona ishchilari oldidagi chiqishida.
Prezident nutqining katta qismini Qo‘shma Shtatlarning eng yirik po‘lat ishlab chiqaruvchisi — Pittsburgdagi US Steel kompaniyasini qanday qilib o‘zining 2018 yildagi birinchi prezidentlik davrida joriy etgan po‘lat importiga 25 foizlik boj stavkalari orqali "halokatdan qutqargani"ga bag‘ishladi.
Po‘lat importiga boj stavkalarini oshirish bo‘yicha bu bayonot Trampning bir qator savdo bojlari qonuniyligiga oid sud jarayoni fonida yangradi. Apellyasiya sudi hozircha bojlarni saqlab qolishga ruxsat bergan. Mazkur sud jarayoni po‘lat va alyuminiy importiga qo‘yilgan boj stavkalariga taalluqli emas.