Gruziya parlamenti AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, Gruziya rasmiylariga qarshi sanksiyalarni nazarda tutuvchi Megobari Act qonun loyihasini qoraladi.
Gruziyalik deputatlar tomonidan qabul qilingan bayonotda aytilishicha, hujjat Tbilisiga nisbatan "uchta yolg‘on ayblov"ga asoslangan.
Gruziya parlamentariylari mamlakat demokratiyadan uzoqlashayotgani, Yevroatlantika integrasiyasini to‘sib qo‘yayotgani, Moskva va Pekin bilan yaqinlashayotgani haqidagi da’volarni rad etmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Gruziya saylovlarni halol va adolatli o‘tkazmoqda, Rossiya bilan esa 2008 yildan beri diplomatik aloqalar yo‘q.
"Gruziya va Xitoyning siyosiy munosabatlari AQSh va Xitoy munosabatlari bilan bir xil darajada," - deyiladi bayonotda. Gruziyalik deputatlarning ta’kidlashicha, 2012 yildan keyin birorta ham gruziyalik siyosatchi Moskvaga tashrif buyurmagan.
Megobari to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSh Vakillar palatasi tomonidan 5 may kuni qabul qilingan va endi Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Agar ma’qullansa, u prezident Donald Trampga imzolash uchun topshiriladi.
Megobari Act tashabbuskori Gruziya muxolifatini qo‘llab-quvvatlovchi respublikachi kongressmen Jo Uilson edi. Aktning nomi gruzincha "megobari" so‘zidan olingan bo‘lib, "do‘st" degan ma’noni anglatadi.
Hujjatda Gruziya rahbariyatiga nisbatan "demokratiyadan chekinish" va Rossiya, Xitoy va Eron kabi avtoritar rejimlar bilan yaqinlashish uchun mumkin bo‘lgan sanksiyalar to‘g‘risidagi qoidalar mavjud. Biroq, agar mamlakat demokratiya yo‘liga qaytsa va tashqi siyosatni o‘zgartirsa, Gruziyani qo‘llab-quvvatlash ham ko‘zda tutilgan.