Mahalliy manbalarning xabar berishicha, Isroil aviasiyasi Xan-Yunis shahrida joylashgan Yevropa shifoxonasiga oltita bomba tashlab, ichki hovli va unga yondosh hududni nishonga olgan.
Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) esa, bu zarba HAMASning “qo‘mondonlik markazi”ga qaratilgan aniq hujum bo‘lganini bildirgan. Ularning ma’lum qilishicha, bu markaz shifoxona ostida joylashgan bo‘lgan.
The Times of Israel va Ynet nashrlariga ko‘ra, Xan-Yunisdagi hujumning asosiy nishoni HAMAS rahbarlaridan biri — Muhammad Sinvar bo‘lgan. Bu ma’lumotga SAXAL izoh bermagan. Muhammad Sinvarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Muhammad Sinvar — HAMASning marhum yetakchilaridan biri Yahyo Sinvarning ukasi hisoblanadi. Yahyo Sinvar 2024 yil oktyabrida, HAMAS siyosiy byurosining rahbari etib tayinlanganidan ko‘p o‘tmay, o‘ldirilgan edi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Yahyo Sinvarning o‘limidan so‘ng, G‘azo sektorida HAMAS tashkiloti rahbari sifatida uning o‘rnini ukasi Muhammad Sinvar egallagan va u guruhni qayta tiklash ustida ishlagan.