Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya: «Raqamli iqtisodiyotda kapital bozorini rivojlantirish va boshqarish: muammolar va zamonaviy yechimlar».
2024 yil 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida «Raqamli iqtisodiyotda kapital bozorini rivojlantirish va boshqarish: muammolar va zamonaviy yechimlar» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada kapital bozorini rivojlantirishning zamonaviy muammolari va imkoniyatlari e’tibor markaziga ko‘tarildi.
Ushbu konferensiya raqamli transformasiya davrida, kapital bozorini rivojlantirish va boshqarishning asosiy ilmiy-amaliy hamda uslubiy jihatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Handong Global universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent shahridagi Adju Universiteti, Markaziy bank, Agrobank, Lyuksemburg biznes maktabi, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, Investisiya institutlari milliy uyushmasi yetakchi professor, ekspert va mutaxassislari, shuningdek, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi xodimlari ishtirok etishdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada kapital bozorini zamonaviy yutuqlari qayd etildi, shuningdek, raqamli transformasiya sharoitida kapital bozorini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama etildi.
Anjumanda tajriba almashish, asosiy muammolarni aniqlash va moliya bozorlarining barqaror o‘sishiga xizmat qiladigan ilmiy-amaliy yechimlarni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentyabrdagi PQ-291-sonli «Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida kapital bozorining infratuzilmasini takomillashtirish, investorlarni kapital bozoriga jalb etishni rag‘batlantirish, chet el investorlari uchun mahalliy fond bozorida qatnashish tartibini soddalashtirish kapital bozorini rivojlantirishning birinchi navbatda hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar ekanligi qayd etilgan.
Konferensiya davomida kapital bozorining institusional asoslarini takomillashtirish, moliyaviy resurslarni taqsimlash va qayta taqsimlash mexanizmi samaradorligini oshirish, moliyaviy vositalardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda kapital bozorining turli segmentlarida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi muhim jihatlari ko‘rib chiqildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi zamonaviy moliya bozorlari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, bu sohada innovasion g‘oyalar va tajriba almashishni ilgari surmoqda.