Bugun 3 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Zulhijja oyi eshik qoqmoqda: unda nimalar qilishimiz kerak?

A A A
Zulhijja oyi eshik qoqmoqda: unda nimalar qilishimiz kerak?

Alloh taoloning ba’zi kunlarni boshqa kunlardan ko‘ra ortiqroq va afzalroq qilib qo‘yishi bandalariga savoblarini ko‘paytirib olishlari uchundir.

Muhammad ibn Maslama al Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zamoningizda Robbingizning tuhfalari bor, uni qarshi olinglar. Shoyad, ulardan bir tuhfa sizlarga yetib, undan so‘ng hech qachon baxtsizlik ko‘rmasangizlar”, dedilar (Tobaroniy rivoyati).

Bandalarga tuhfa qilingan mavsumlardan biri Zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni hisoblanadi. Bu kunlarni g‘animat bilgan, ularni bekorga o‘tkazib yubormagan inson qandayam baxtli insondir. Bunday ulug‘ kunlar bandadan uni go‘zal qarshi olishi va unda ko‘proq solih amallar qilishini talab qiladi. Inson dunyoda go‘yoki musofir kabidir. Musofir safarga tayyorgarlik ko‘rib chiqsa, safari xayrli, barokatli bo‘ladi. Biz uchun dunyodan oxirat safariga tayyorgarlik ko‘rib bormog‘imiz lozimdir. Bu kunlar esa o‘ta qimmatli va qaytib kelmaydigan kunlardir.

“Robbingizdan bo‘lgan mag‘firatga shoshilinglar” ("Oli Imron" surasi,133-oyat)

“Bas, musobaqalashuvchilar mana shunda musobaqa qilsinlar!” ("Mutoffifiyn" surasi, 26-oyat)

ZULHIJJA OYIDA E’TIBORLI BO‘LADIGAN AMALLARIMIZ:

  • Farz namozlarini jamoat bilan o‘qish hamda masjidga ertaroq kelish.
  • Nafl namozlarini ko‘paytirish. Chunki bular eng ulug‘ qurbatlardir.
  • Ro‘za tutmoqlik.
  • Takbir, tahlil va tahmid aytmoqlik. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh aytganlar: “Ibn Umar va Abu Hurayra rozillohu anhular ushbu o‘n kunlarda bozorga chiqib takbir aytar edilar. Ularning takbirlari sababli odamlar ham takbir aytar edilar”.  Bunday unutilib borayotgan sunnatlarni tiriltirmoq biz uchun munosibdir.

Sahobalar va tobeinlardan takbirning turli siyg‘alari vorid bo‘lgan:

1. Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbaru kabiro.

2. Allohu akbar, Allohu akbar, laa ilaaha illallohu vallohu akbar, vallohu akbaru valillaahil hamd.

3. Allohu akbar, Allohu akbar, laa ilaaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbaru valillaahil hamd. Alloh taoloni ko‘proq zikr qilish.

  • Haqiqiy tavba qilish.
  • Gunoh-ma’siyatlardan uzoqlashish. Gunohlardan doim uzoqlashish lozim, xususan bu kunlarda batariqa avlodir. Chunki ulug‘ kunlarning hurmatini poymol qilib u kunlarda qilingan gunohlarning jazosi boshqa kunlarnikidan ko‘ra og‘irroq bo‘ladi.

  • Xayri-ehson qilish va sadaqalar berish. Hayit kunidan avval ham xayri ehsonni ko‘paytiraylik. Kambag‘al-bechoralarga sovg‘a salomlar ulashaylik. Chunki bunda ular ham hayitga xursandchilik bilan chiqishadi. Hayit kuni yo‘qlab borishni hamma biladi, kutadi. Ammo hayitdan oldin, Zulhijjaning avvalgi to‘qqiz kunida qilingan xayri-ehsonlarimiz kutilmagan sovg‘a bo‘ladi. Ulamolar: Kutilgan katta sovg‘adan ko‘ra kutilmagan kichik sovg‘a insonni ko‘proq xursand qiladi, deganlar.
  • Kechalarni qoim qilish. Agarchi kamgina namoz o‘qisa ham. Namoz, Qur’on tilovati va boshqa amallar bilan kechani qoim qilishlik. Said ibn Jubayr rahmatullohi alayh: “O‘n kunning kechalarida chiroqlaringizni o‘chirmanglar”, deganlar. Bu bilan Zulhijjaning avvalgi o‘n kechasini qoim qilishga ishora kilganlar. Chunki kechani qoim qilish qalbni Allohga bog‘laydi va insonni hayot qiyinchiliklari va tashvishlariga bardosh bera oladigan qilib qo‘yadi.Xulqlarni yanada go‘zallashtirish.
  • Arafa kuniga alohida e’tibor qaratish. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi oldingi sananing va undan keyingi sananing kafforati bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, dedilar (Muslim rivoyati). “Kelasi yil uchun ham kafforat” deyildi. Bu degani kelasi yil gunoh qilishdan muhofaza qiladi, yoki shunday savoblar beradiki, kelasi yil kafforati uchun ham yetadi, deganidir.Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunidan ko‘ra Alloh taolo bandalarini do‘zaxdan ko‘proq ozod qiladigan biror kun yo‘q”, dedilar. (Muslim rivoyati) Qurbonlik qilish.
  • Imkon qilib ushbu o‘n kun ichida Qur’oni karimni bir marta xatm qilish.
  • Qabristonni ziyorat qilib o‘limni esga olish.
  • Ba’zi ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish.
  • Farzandlarga shu kunlarda ko‘proq zikr, tasbeh va odoblarni o‘rgatish. Chunki ota-onalarlar ular haqida qiyomat kuni so‘roqqa tutiladi. Qiyomat kundagi so‘roq og‘ir, hisob qiyin, qo‘rqinch katta, jahannam esa: “yana qo‘shimcha bormi?” deb turadi.

Qudratulloh SIDIQMETOV,
Toshkent shahar “Ahmadjon qori” jome masjidi imom noibi

Kiritildi: 14:57 09.08.2018. O'qildi: 14800 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!