Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari kompleks bo‘lishi va xalqaro darajada huquqiy jihatdan mustahkamlanishi shart.
Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, aks holda urush tugadi, deb aytish mumkin emas:
«Bu faqat harbiy yordam bilan cheklanib qolmaydi. Gap Rossiya agressiyasining oldini oladigan va keng ko‘lamli bosqin qayta takrorlanishini imkonsiz qiladigan uzoq muddatli tizim yaratish haqida ketyapti. Bunday kafolatlarning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri — Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zoligidir. Aynan YEI uzoq muddatli istiqbolda tashqi tahdidlarga qarshi ishonchli siyosiy, iqtisodiy va huquqiy himoyani ta’minlaydi», — dedi Zelenskiy.