Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ruminiyaning yangi saylangan prezidenti Nikushor Dan Yevropada tinchlik o‘rnatish yo‘lida xalqaro diplomatik maydondagi hamkorlik yo‘nalishlarini, xususan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish zarurligini muhokama qildi.
Bu haqda Ukraina yetakchisi o‘zining Telegram-kanalida yozgan.
"Ukraina va butun Yevropada tinchlikka erishish bo‘yicha diplomatik ishlarni, Istanbuldagi uchrashuvni, Moskvaning harbiy ishlab chiqarishni ko‘paytirishi va urushni davom ettirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish zarurligini muhokama qildik. Biz Gaagada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga alohida e’tibor qaratdik", — dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Danga “Ukraina Ruminiyaning doimiy yordamiga ishonishi, YEI va NATOga a’zolikni qo‘llab-quvvatlashi hamda prezidentning Odessada bo‘lib o‘tadigan Ukraina – Janubi-Sharqiy Yevropa sammitida shaxsan ishtirok etishini tasdiqlagani uchun” tashakkur bildirdi.
Qayd etilishicha, Zelenskiy Danni Istanbuldagi uchrashuv haqida xabardor qilgan. Uning qayd etishicha, afsuski, bu bizni tinchlikka yaqinlashtiradigan qadamlar bo‘lmadi, biroq Ukraina uchun juda muhim bo‘lgan mahbuslarni almashish va o‘lganlarning jasadlarini qaytarish bo‘yicha kelishuv mavjud.
"Shuningdek, u Ukrainaning Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda to‘plagan texnologik tajribasi haqida gapirib, mudofaa sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishni taklif qildi. Prezident Ukraina iqtisodiyot, infratuzilma va rekonstruksiya sohasida yangi loyihalarga ochiq ekanini qo‘shimcha qildi", — deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.
Zelenskiy Dan bilan suhbatda Ukraina Gaagada munosib tarzda namoyon bo‘lishi kerakligini, shuning uchun bu masalada har bir davlatning har bir ovozi va qo‘llab-quvvatlashi muhimligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Dan uchrashuv yakunlari bo‘yicha X ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi: "Ukraina xalqi erkinlik va demokratiya degan umumiy qadriyatlarimizni himoya qilishda katta jasorat ko‘rsatishda davom etmoqda. Odil va mustahkam tinchlikka faqat kuch bilan erishish mumkin. Ruminiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ikki tomonlama aloqalarimizni yanada chuqurlashtirishda davom etadi".
Eslatib o‘tamiz, Ukraina prezidenti Vilnyusda bo‘lib, “Buxarest to‘qqizligi” va Shimoliy Yevropa davlatlari sammitida ishtirok etmoqda.