Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQShning Rossiyaga nisbatan bosimini kuchaytirishini kutayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng bayonot berdi.
"Biz Donald Tramp bilan ikki soatdan ziyod davom etgan mazmunli suhbat o‘tkazdik. Jang maydonidagi vaziyat, havo himoyasi imkoniyatlari va diplomatik yo‘llar haqida gaplashdik", — dedi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya "o‘zi boshlagan va ataylab cho‘zib kelayotgan tajovuzni to‘xtatishi shart". “Biz AQShning bosimiga umid qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.
Zelenskiy shuningdek, Yevropa Ittifoqi hamda Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Finlyandiya, Norvegiya va Polsha yetakchilari bilan ham aloqa qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu suhbatlarda Ukraina xavfsizligini ta’minlash va Yevropa barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha choralar muhokama qilingan.
“Hozirgi asosiy vazifa — ko‘proq odamlarning hayotini saqlab qolish va mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashdir. Shu maqsadda ishlayapmiz”, — dedi Zelenskiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va AQShning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari yaqin kunlarda keyingi qadamlarni muhokama qiladi.