Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy SpaceX va Tesla kompaniyalari rahbari, amerikalik tadbirkor Ilon Maskni «Ozodlik» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Ukraina prezidentining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, Mask «insonlar hayoti va erkinligini himoya qilishdagi ulkan shaxsiy xizmatlari hamda Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» mukofotlangan.
Bu qaror Kiyevning Maskni Starlink tarmog‘idan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘ndirishga qaratilgan sa’y-harakatlari fonida qabul qilindi, deb yozadi Politico.
«Ozodlik» ordeni Ukrainaning 2008 yilda ta’sis etilgan oliy davlat mukofotilaridan biri sanaladi. Undan faqat «Ukraina Qahramoni» unvoni hamda katta urush boshlanganidan keyin ta’sis etilgan Jangovar xizmatlari uchun xochi yuqori turadi. Ushbu orden bilan Ukraina fuqarolari va xorijliklar mamlakat suvereniteti hamda mustaqilligini mustahkamlash, demokratiyani rivojlantirish, islohotlarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi alohida xizmatlari uchun taqdirlanadi.
Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmati Rossiyaning 2022 yildagi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Ukraina kuchlariga aloqani saqlab turish va harbiy harakatlarni muvofiqlashtirishda yordam berib kelmoqda. 2026 yil fevral oyida SpaceX Rossiya kuchlari tomonidan foydalanilgan minglab Starlink terminallarini o‘chirib qo‘yib, ularning harbiy imkoniyatlarini zaiflashtirgandi.
Kiritildi: 16:09 26.08.2026.
O'qildi: 745 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.