Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.
Ayni payta yurtimizda karantin sababli sudlarda aksariyat jinoyat ishlarini ko‘rish tuxtatilgan bo‘lishiga qaramasdan mahkumlarga nisbatan insonparvarlik tamoyillariga asosan O‘zbekiston Respublikasmi Jinoyat kodeksining 73-moddasi talablari asosida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari va Ichki ishlar organlari Probasiya guruhlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilmoqda.
Xuddi shu kabi taqdimnomalar asosida 2020 yilning 24 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudi tomonidan Zarafshon shahar IIO Probasiya guruhining 5 ta taqdimnomasi ko‘rib chiqildi va qanoatlantirildi.
Mahkum Xo‘jayev Ilyos Idrisovich 2017 yil 9 dekabr kuni sof vazni 2.294 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda saqlash jinoyatini qasddan sodir etganligi uchun sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, JK 60-moddasi tartibida 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Mahkum jazoni o‘tash davomida o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, jazoni o‘tash davrida o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatib, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligi va JKning 73-moddasiga asosan jazo muddatining 2/3 qismidan ko‘prog‘ini o‘taganligini inobatga olib, sud mahkumni o‘talmay qolgan 9 oy 23 kun jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qildi.
Shuningdek, sud majlisida mahkumlar A.Zaripov, N.Shakulov, A.Piliposyan va D.Gemazuddinovlar ham sud tomonidan tayinlangan jazoning qolgan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
D.Xonbo‘tayeva, Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining raisi