Bugun 23 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Zarafshon shahri maydoni ikki barobar kengayadi

Zarafshon shahri maydoni ikki barobar kengayadi

Senatning 19-yalpi majlisida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus Zarafshon shahrining istiqbolli rivojlanishi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, investisiyalarni jalb etish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qaror bilan Tomdi tumani hududidan 2 459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Yangi hududlarni o‘zlashtirish natijasida 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha ob’ekti, shuningdek, 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Zarafshon shahrida sanoat va ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, aholi soni va iqtisodiy faollikning ortib borishi natijasida uy-joy, ijtimoiy soha va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyoj ham oshib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, shahar chegaralarini kengaytirish uning kelgusidagi rivojlanishi uchun zarur hududiy imkoniyatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, yangi hududlarda turar joylar barpo etish bilan bir qatorda, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, kanalizasiya va boshqa zarur muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi bilan ta’minlash imkoniyatlari yaratiladi.

Bu, o‘z navbatida, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va mehnat bozoriga kirib kelayotgan fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Senatorlar o‘z chiqishlarida yangi hududlarni kompleks va rejali rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, ularni shahar tarkibiga qo‘shishda faqatgina ma’muriy o‘zgartirish bilan cheklanib qolinmay, balki ushbu hududlarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kerakligini ta’kidladi.

Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: Tomdi — mamlakatimizda maydoni kattaligi bo‘yicha Qo‘ng‘irot va Uchquduqdan keyingi uchinchi tuman. Tuman hududi — 42,4 ming kvadrat kilometr. Navoiyni hisobga olmaganda, O‘zbekistondagi istalgan viloyatdan katta hudud. Shu ulkan hududda 15 ming atrofida odam yashaydi.

Shu rakursdan qaralsa, qiziq raqamlar hosil bo‘ladi:

  • Tomdidan Zarafshon shahriga o‘tkazilayotgan yer maydoni (2 459 gektar) tuman umumiy yer maydonining atigi 0,058 foizini tashkil etadi. Shu bois bu o‘zgarish tuman xaritasida deyarli sezilmaydi.
  • Zarafshon maydoni juda kichik — 20 kv km atrofida. Qo‘shilayotgan 24,59 kv km (2 459 gektar) bilan shahar hududi ikki barobardan ham ko‘proqqa kengayib, umumiy maydoni qariyb 44,6 kv. km ga yetadi.
Kiritildi: 13:22 13.09.2026. O'qildi: 1204 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!