Prezidentimiz Farg‘ona, Yozyovon, Quva va O‘zbekiston tumanida 7 ming 400 gektar paxta-g‘alla maydonini qisqartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi..
Bu yil Farg‘ona, O‘zbekiston tumanlarida 4 ming 400 gektarda o‘rik, olxo‘ri, bodom va malina plantasiyasini yaratish, Quvada 1 ming 200 gektar dasht hududida gilosning eksportbop navlarini ekish, Yozyovonda 1 ming 800 gektarda iste’mol va urug‘lik uchun cho‘l sharoitiga mos yuqori hosilli sholi plantasiyalarini barpo etish muhimligi qayd etildi.
Yozyovonda sholichilik maktabini ishga tushirib, sinov tarzida 100 gektar ko‘lning suv yuzasida kassetali usulda organik sholi yetishtirishni boshlash topshirildi.
Viloyatdagi 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla yerlari hamda samarasi kam bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha katta dastur qilinadi.
Birinchi bosqichda 10 ming gektar sanoatlashgan super intensiv bog‘ barpo etish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, dehqonlar uchun imtiyozli kredit yoki lizing asosida tayyor bog‘ qilib berish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.