Evropa Ittifoqining migrasiya bo‘yicha komissari Magnus Brunnerning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida Yevropaga migrasiya o‘sishining asosiy sababchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin hisoblanadi.
"Yirik migrasiya oqimlarida doimo Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etadi", — dedi u.
Brunner o‘z so‘zining isboti sifatida Putin Suriya prezidenti Bashar Asadni mamlakatda 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi davomida qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Suriyadagi urush, 2015-2016 yillarda YEIda migrasiya inqirozini keltirib chiqargandi. Ikki milliondan ortiq qochqin Yevropadan boshpana so‘rab murojaat qilgandi.
Brunnerning fikricha, Putin aybdor bo‘lgan ikkinchi migrasiya oqimi - ukrainalik qochqinlar. "Bunda yana Putin ishtirok etdi", dedi yevropalik amaldor Rossiyaning Ukraina bilan urushini nazarda tutib. Taxminan 4,3 million ukrainalik Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik boshpana oldi.
"Rossiya prezidenti, shuningdek, fevral oyi oxirida boshlangan Yaqin Sharqdagi urushda Eron hukumatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayni paytda Erondan hech qanday migrasiya oqimi yo‘q, lekin hushyor bo‘lish kerak, chunki vaziyat har kuni o‘zgarishi mumkin", — deya fikr bildirdi yevrokomissar.