Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan bir nechta shaxs qo‘lga olindi. Ulardan jami 1 kilogrammdan ortiq “opiy” musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tezkor xodimlari hamkorligida Nukus shahrida o‘tkazilgan tadbir chog‘ida 1972 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan mahalliy fuqaro qo‘lga olindi. U Shumanay tumanida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan shaxsga 9 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 4 million so‘mga sotayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tekshiruv jarayonida mazkur shaxsning yonidan qo‘shimcha ravishda 5 gramm “opiy” ham aniqlanib, olib qo‘yildi.
Olib borilgan surishtiruvlar natijasida ushbu giyohvandlik vositasi 1981 yilda tug‘ilgan, ilgari ham giyohvandlik moddalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs orqali olingani ma’lum bo‘ldi. Xo‘jayli tumanida davom ettirilgan tezkor tadbirda u 20 gramm “opiy”ni 8 million so‘mga sotish jarayonida qo‘lga olindi.
Shuningdek, uning yonida bo‘lgan sumkadan jami 1 kilogramm 176 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi topilib, prosessual tartibda musodara qilindi.
Tekshiruvlar davomida mazkur giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani aniqlandi.
Hozirda ushlangan uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Qonunchilikka muvofiq, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.