Yil boshidan boshlab O‘zbekistonga 8 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi, ularning mamlakatda qolish muddati 8 kungacha uzaygan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Unda davlat rahbari turizm islohotlari aholi daromadida yanada ko‘proq sezilishi kerakligini ta’kidladi.
“Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollar resurs ajratiladi. Tadbirkorlarga 10 yil muddatga milliy valyutada 16 foizli kredit beriladi.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Subsidiya uchun mehmonxona “yulduzi”ni tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi”, dedi Mirziyoyev.
Shu sababli mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha uzaytirilishi, 50 tadan ko‘p joylashtiruv o‘rniga ega mehmonxonalarga naqd valyuta qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib berishi kerakligi aytildi.
“Turoperatorlarning xorijlik turistlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar olib kelishdagi bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Bunday transport vositalari uchun utilizasiya yig‘imi ham undirilmaydi”, dedi prezident.