Qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun degan niqob ostida tovarlarni tijorat maqsadida olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar kuzatilmoqda.
2018 yilning 1 iyulidan e’tiboran mamlakatimiz hududiga qo‘shni davlatlardan jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibi yanada takomillashdi. Bunda asosiy e’tibor jismoniy shaxslar tovarlarni bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib o‘tishning miqdoriy normalaridan tijorat maqsadida foydalanishning oldini olishga qaratildi. Shunga qaramay, hamon qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun degan niqob ostida tovarlarni tijorat maqsadida olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanmoqda.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona posti orqali kirib kelgan yo‘lovchilardan birining qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ular orasida yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan uyali aloqa uchun mo‘ljallangan SIM-kartalar borligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston hududida faoliyat yuritmaydigan aloqa operatoriga taalluqli 16 ming 900 dona SIM-kartalarning umumiy qiymati salkam 17 million so‘mni tashkil qilar ekan.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy ravishda olib ketilayotgan tovar-moddiy boyliklar to‘xtatib qolindi.
Toshkent tumanida harakatlanayotgan “Damas” avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashinaga xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 4,8 million so‘mlik 7 turdagi ichimlik, oziq-ovqat va sut mahsulotlari ortilganligi aniqlandi.
Surishtiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, qonunbuzarlar post orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslarni ma’lum bir haq evaziga yollab, keyinchalik qayta sotish maqsadida ushbu tovarlarni donalab tashib kirgan holda ichki hududda to‘plagan ekan.
Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan aniqlangan shunga o‘xshash yana bir holatda boshqa bir “Damas” avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, unda xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati salkam 16 million so‘mlik 21 turdagi sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari va xo‘jalik tovarlari ortilgan ekan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Manba: uza.uz