Bugun 18 may, 2024 yil, shanba

КИР

Yaponiyaning 39 ta prefekturasida favqulodda vaziyat rejimi bekor qilinadi

Yaponiyaning 39 ta prefekturasida favqulodda vaziyat rejimi bekor qilinadi

Yaponiya hukumati aprelda koronavirus pandemiyasi sababli butun mamlakat bo‘ylab kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini 47 prefekturadan 39 tasida bekor qilish haqidagi qarorni tasdiqladi. Bu cheklovlar kuchga kirgandan beri ularning ilk bor engillashtirilishi.

Shu bilan birga favqulodda vaziyat rejimi Tokio va unga yondosh Kanagava, Saytama va Tiba, mamlakat g‘arbidagi Kioto, Osaka va Xyogo hamda shimoldagi Xokkaydo prefekturalarida saqlanib qoladi.

Yaponiya hukumati favqulodda vaziyatni bekor qilishda mutaxassislar fikriga tayangan. Bunda hisobga olingan ko‘rsatkichlardan biri u yoki bu hududda bir haftada qayd qilingan koronavirusdan kasallanishlar soni indeksi bo‘lgan. Agar bu indeks 100 ming aholiga 0,5 dan oshmagan bo‘lsa, yengillashtirishga yo‘l qo‘yilgan. 

Misol uchun, aholisi 14 millionlik Tokio uchun yangi kasallanish holatlarining haftasiga 70tagacha kamayishiga erishish talab etiladi. O‘tgan hafta bu ko‘rsatkich 200 atrofida bo‘lgan va shu sababli u yerda favqulodda vaziyat rejimini hozircha qoldirishgan. Boshqa hisobga olingan mezonlar orasida shifoxonalarda bo‘sh palatalar mavjudligi, prefektura tibbiyot tizimiga umumiy yuklama darajasi va koronavirusga test o‘tkazish imkoniyati bo‘lgan. 

Hukumat bir haftadan keyin, ya’ni 21 may kuni yana bir mutaxassislar yig‘ilishi va koronavirusga qarshi choralar bo‘yicha shtab majlisini o‘tkazmoqchi. Ular natijalariga ko‘ra qolgan 8 prefekturada favqulodda vaziyat rejimini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Ayni vaqtda Yaponiyada Diamond Princess kruiz layneri yo‘lovchilari va ekipajini hisobga olgan holda, koronavirusga chalinganlar soni 16,7 mingdan, undan vafot etganlar soni 700 dan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Mamlakatda favqulodda vaziyat rejimi vaqtida harakatlanishga hech qanday qat’iy cheklovlar kiritilmagan. Aholidan uylarini zaruratsiz tark etmaslik iltimos qilingan hamda hukumat iltimosiga ko‘ra ta’lim muassalari, savdo markazlari kabi jamoat joylari yopilgan, kompaniyalar aksariyat ishchilarini masofadan ishlashga o‘tkazgan.  

Favqulodda vaziyat rejimi bekor qilingandan keyin u yoki bu ob’ektlarni ochish bo‘yicha qarorlarni prefekturalar gubernatorlari qabul qiladi.

Kiritildi: 11:50 14.05.2020. O'qildi: 1643 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!