Yangi yil bayramini hamma orziqib kutadi. Xayolan qandaydir mo‘’jizalar ro‘y berishini, sovg‘alar olishni istaydi. Shunday vaqtda odamlar bir-birini xursand qilishga, o‘zaro mehr ulashishga harakat qilishadi. Ayniqsa, ko‘ngli yarim, e’tiborga muhtoj kishilarga yaxshilik qilish juda xayrli ish.
Shu maqsadni ko‘zlab Toshkent shahridagi 505 ta mahalla fuqarolar yig‘inida Mahallada Yangi yil loyihasi o‘z ishini boshladi. Unga ko‘ra, maxsus Qorbobo kiyimini kiygan mahalla posbonlari va ko‘ngillilar xonadonlarga kirib barchani Yangi yil bilan qutlaydi.
Mahallada Yangi yil deb nomlangan ushbu loyiha doirasida mahallalarda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlanganlar, yuz yoshdan oshgan hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uylarida bayram tashkillashtiriladi, deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi bosh mutaxassisi Alisher YORMATOV. Shuningdek, joriy yilning 20-31 dekabr kunlari Toshkent shahri mahallalarida istiqomat qiluvchi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga har bir mahalladagi mahalla markaziy binosi, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar oldida va bolalar maydonchalarida bayram tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalla faollari tomonidan tashkillashtirilayotgan bu loyiha bayram arafasida ko‘pchilikning kayfiyatini ko‘tarishiga shubhamiz yo‘q. Zero, aytishadi-ku, yangi yilni qanday kutib olsang, butun yil shunday o‘tadi, deb.
Manba: od-press.uz