Maxsus poyezd reyslari orqali Samaradan 938 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.
Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning Samara viloyatidan olib kelish uchun Toshkent–Kinel–Toshkent temir yo‘l reysini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.
Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan 14 sentyabr kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ poyezdi 938 nafar o‘zbekistonlik bilan «Kinel» stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nagan edi.
Mazkur poyezd 16 sentyabr kuni Toshkent Janubiy vokzaliga yetib kelgan. Ushbu reys orqali olib kelingan barcha fuqarolar avtobuslarda Toshkent viloyatidagi karantin zonalariga yetkazilgan.
Bundan bir kun avval Samara va Yekaterinburgdan 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik, 3 sentyabr kuni esa 922 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Samarqandga olib kelingandi.