Niderlandiyaning GasTerra energetika kompaniyasi Rossiya gazi uchun rublda to‘lashdan bosh tortganini ma’lum qildi, shundan so‘ng “Gazprom” uni 31 maydan yetkazib berishni to‘xtatish haqida ogohlantirdi.
“GasTerra Gazpromning bir tomonlama to‘lovlar bo‘yicha talablariga rioya qilmaslikka qaror qildi. Ushbu to‘lov talablari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rus gazi uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi farmonida belgilangan” deyiladi GasTerra kompaniyasi bayonotida.
Bayonotga ko‘ra, endi amaldagi shartnoma bo‘yicha 2 milliard kub metrga yaqin gaz olinmaydi. GasTerra qaroriga javoban Gazprom bugun, 31 maydan boshlab gaz berishni to‘xtatishini e’lon qildi.
Kompaniya Rossiyaga Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishni istamasligini, shuningdek, Moskva taklif qilgan to‘lov sxemasining “katta moliyaviy va operasion xavf” ekani bilan izohlagan.
Mart oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gazini Yevropa davlatlariga yetkazib berish uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazishni topshirdi. Yangi sxema xaridorga Gazprombankda rubl va yevroda ikkita hisob ochishni o‘z ichiga oladi, keyinchalik u ichki bozorda rubl sotib oladi.
Bir qator davlatlar va kompaniyalar yangi shartlar bo‘yicha to‘lashdan voz kechishlarini allaqachon e’lon qilishgan.
Bunga javoban Gazprom Polsha, Bolgariya va Finlyandiyaga zangori olov eksportini to‘xtatgan.