Oila – tinchlik va taraqqiyotning asosiy negizi. Uning farovonligi bevosita mamlakat kelajagi bilan bog‘liq. Mamlakatimizda yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hamon salbiy holatlar uchrab turibdi. Yagona yechim esa muammolarning sabablarini o‘rganish va yechim topishning eng samarali usullarini qo‘llashdir.
Shu maqsadda Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorlikda respublika bo‘ylab “Yosh oilalar turmushi davomida keng uchraydigan muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzuida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazmoqda.
Unda 30 yoshgacha bo‘lgan oilali, oilasidan ajrashgan erkak va ayollar, ajralish yoqasida turgan yosh oilalar vakillari, band bo‘lgan va vaktincha ishsiz yoshlar, mehnat migrantlari ishtirok etmoqda.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, yosh oilalar turmushi davomida keng uchraydigan muammolar ilmiy tadqiq etiladi va ularga yechim topish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlanadi.
Manba: uza.uz