Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Xurramobodliklar chayonlar va havo ifloslanishidan aziyat chekmoqda

Xurramobodliklar chayonlar va havo ifloslanishidan aziyat chekmoqda

Kutilmaganda uyingizdan chayon chiqsa oila a’zolaringiz qanchalar behuzur bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas. Agar bu voqelik muntazam ravishda ro‘y bersachi? Fikrimizcha, na yeyishingizda va na tunlari dam olishingizda halovat qoladi.

Rishton tumanining Xurramobod qishlog‘i ahli allaqachon bunday hodisalardan ajablanishmaydi. Chunki ularning 6 yildan buyon hal etilmayotgan jiddiyroq va bundanda xavfliroq muammolari bor:

Xurramobod qishlog‘ining Yangi hayot mahallasida 135 xonadon mavjud. Aholi 2013 yilgacha keng dalalar, toza havo qo‘ynida el qatori umrguzaronlik qilayotgan edi. Nima bo‘ldiyu,mahallaga qo‘shni konturdagi sobiq chorva fermasi o‘rnida “Oliy sifat sari” xususiy firmasi g‘isht va devorbop mahsulotlar ishlab chiqarish zavodini qurdi. Xurramobodliklarning 70 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Aslida hammasi shundan boshlangan. 2015 yilga kelib Yangi hayot mahallasi va zavodning quyi qismidagi aholi punktlarida allergik, nafas qisishi kasalliklariga chalinish, doimiy bosh og‘rig‘i, asabiylashish, bolalar orasida yo‘tal yo‘tal avj ola boshladi. 2016 yilga kelib fuqarolarning g‘isht zavodi faoliyatidan e’tirozlari kuchayib ketdi. Buning eng asosiy sabablari esa, zavodning aholi punktiga bir devor yaqinligi, g‘isht pishirishda ko‘mir bilan birga eski shinalari va charm yoqilishida. Bundan tashqari, shamolda ko‘tarilgan tutun chang aralashmasi tufayli aholi o‘z hovlisida o‘tirolmay qoldi. Bu ham yetmagandek,zavodga tuproq turli joylardan keltirilganligi bois, mahallani bir ko‘rishda etni seskantirib yuboradigan chayonlar bosib ketdi.

Akbarjon MAMAJONOV, “Xurramobod” MFY raisi:

Yangi hayot mahallasidagi fuqarolarimiz , qo‘pol qilib aytganda, havodan bo‘g‘ilib qolishgan. Tunlari bechoralarga katta yuk mashinalarining gurullagan ovozi, taqir-tuqurlar, shovqin-surondan halovat yo‘q. Qishloq oilaviy punkti, 29-umumta’lim maktabi va davlat sherikchiligi asosida qurilayotgan 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi ham o‘sha hududda joylashgan. Deyarli, murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hammasida bir hil javob. G‘isht zavodi ekologik va sanitarik talablarga javob bera olarmish. Zavodni ko‘chirish uchun shu qishloq hududidan boshqa maydonlarni ham taklif etdik, bo‘lmadi. Axir, shovqin va chang, tutun bilan ishlovchi zavodlar aholi yashash hududlaridan yiroqda joylashtirilishini, bunga qonuniy norma va talablar borligini oddiy fuqaro ham biladiku.

Munira OXUNOVA, Yangi hayot mahallasi patronaj hamshirasi:

Nafas yo‘llari va allergik kasalliklari bilan chalingan 10 dan ortiq fuqarolar bor mahallada. Masalan, ErgashevaDilorom ikki yildan buyon surunkali bronxit bilan shifokor nazoratida turadi. Ro‘yxatga olinganlar soni tobora ortib borishi aniq. Chunki bugun bo‘lmasa ertaga baribir shu mahallada yashovchi yoshu qari, erkagu ayol shu kasallik bilan og‘rishi ehtimoli juda yuqori. Ular yongan ko‘mir chiqitlarini nafas yo‘llari orqali yutib, o‘pkada to‘plab borishyapti. Bu esa hayot uchun juda xavfli.

Dilorom ERGASHEVA, Yangi xayot mahallasi, 144-xonadon:

Muntazam qattiq bosh og‘rig‘i va bronxit qiynaydi meni. Ikki yildan buyon allergiyadan azoblanaman. Chang, tutun va ko‘mirning hidiga chidolmayman. Doimiy tarzda tomog‘imga sal butamon sepib yuraman. Do‘xtirlar agar kasallikni oldini olmasangiz astma kasalligini orttirvolasiz, deyishyapti. Iloji yo‘qligidan ota-onamning To‘da qishlog‘idagi uyida yashayapman. U yerda yaxshi bo‘pqolaman. Kasallik qiynamaydi. Uyga qaytib kelishim bilan hammasi yangitdan boshlanaveradi. 4 farzandim bor. Bir devor naridagi g‘isht zavodi allaqachon hammamizga o‘z ta’sirini o‘tkazib bo‘lgan. Hammamiz asabiy bo‘lib qolganmiz. 2 yoshli farzandim Oyatullo Raximjonov yaqinda og‘ir-og‘ir nafas olishni boshlab qoldi. Bir dasturxonda o‘tirmaymiz. Hammamiz shu muammo sabab har yerda yashayapmiz.

G‘ofirjon MADALIYEV, Qal’acha mahallasi faoli:

Yangi hayot ko‘chasiga tutash zavoddan tashqari, hududda yana 2 ta boshqa g‘isht ishlab chiqaruvchi ob’ekt bor. Bizdan bir kilometr g‘arb tomonda. O‘sha zavodlar ham Qal’acha mahallasi fuqarolarini zaharlashda davom etyapti. Chiqayotgan qora qo‘lansa tutun hidi ko‘ngilni aynitib, ko‘krak qafasini achitib yuboradi. Aksariyat bolalarimizda so‘ngi ikki yilda nafas qisishi, allergik kasalliklar kuchayib ketdi. Yana o‘n yillarda og‘ir asoratlarga olib kelishi aniq. Hozir qo‘shnilarim ham vahimaga tushib qolishgan.

Abdurahmon Ergashev, Yangi hayot mahallasi faoli:

Dehqonchiliklarga ham juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatyapti bu muammo. 6 sotix tomorqada uzum parvarishlayman. 3 yildan buyon ming urinsak ham kutilgan daromadni bermayapti. Yomg‘ir yog‘sa tokning mevasi bilan birga devorlarimizga qora rang sepib qo‘ygandek bo‘pqoladi. Bundan tashqari, pomidorlar sara mevaga kirganda qurishni boshlaydi.

Shoxida USMONOVA, Yangi hayot mahallasi, 130-xonadon:

Yozmagan joyi iz qolmadi. Shuncha murojaat qilsak ham muammolarimiz oddiy aholi foydasiga hal bo‘lgani yo‘q. Har gal shikoyatimizga javob xati bilan birga masalani o‘rgangani ishchi guruhi keladiyu “ko‘rib chiqamiz”, “masala qo‘yamiz” qabilida bizni “yupatib” ketishadi. Bahonalari hali mahalladoshlar orasida sil kasalligiga chalinganlar yo‘q emish. Sil kasal bo‘lganimizdan keyin hal qilishadimi bu muammoni? Maktub ortidan tekshirib kelishsa, poliklinikadagilar mahallamizdagi kasallanganlar sonini yashirishyapti. U yoq bu yoqqa murojaat qilaverganimizdan bizni qo‘rqitib qo‘yish uchunmi mahallani sudga berdik, degan gap tarqatishipti g‘isht zavodidagilar. Surishtirsak yolg‘on ma’lumot bo‘lib chiqdi. Shu yil aprel-may oylarida tuman hokimligi vakillari, DSENM vakillari bilan mahalla ishtirokida yig‘ilishlar bo‘lib o‘tgan. Biroq tuman hokimligi vakillari sendan kallasi kattalar qo‘l qo‘ygan zavod hujjatlariga, hammasi hisob kitob qilingan, qabilida gapirib ketishdi. Shumi tekshirib ketganlari?Bu g‘isht zavodi deganlari hammamizni kasal qilib bo‘ldi-ku!?

Aytishlaricha,“katta odamlar” turarmish zavod ortida. G‘isht zavodi mutasaddilarining topib olgan bahonasi: “Biz shu qishloqdagi falon kishini ish bilan ta’minlayapmiz!”. Bizning sog‘ligimiz evazigaya?!

Gulnora TO‘YCHIYEVA, Yangi hayot ko‘chasi, 130-uy:

Turmush o‘rtog‘im To‘ychiyev Ismoiljon hozir 20 km. naridagi Zodiyon qishlog‘ida yashayapti. Nafasi qisadigan, allergiya bo‘lib qolgan. Nima qilishni bilmayapmiz. Uyni sotib ketaylik desak, bunaqa ahvolda hech kim uyni olmayapti. Zodiyonda qiynalmay nafas oladi erim. Bir pasta yaxshi bo‘pqoladi. Yangi hayotga kelishimiz bilan kasallik yana xuruj qiladi. Zavodga turli joylardan har hil tuproqlar olib kelinavergach uyimiz hovlimiz, tomorqamiz chayonlarga to‘lib ketgan. To‘g‘ri, bir martadezinfeksiya qilib ketishdi, lekin foydasi bo‘lgani yo‘q. Bir necha qo‘shnilarimizni belidan qo‘lidan oyog‘idan chaqib oldi. Kechqurun chayondan qo‘rqqanimiz yetmagandek, tunda to‘s to‘polon avjiga chiqadi, katta mashina bortini tuproqdan tozalash uchun qattiq jism bilan urishganda eshitiladigan qo‘rqinchli ovoz jang maydonini eslatadi. Kechayu-kunduz tinchlik yo‘q.

Xolida XAMROALIYEVA, Yangi hayot ko‘chasi, 147-uy:

Xo‘jayinimXamroaliyev Aloviddin 4 yildan buyon astma kasalligi bilan og‘riydi. Lekin nazoratda turadimi, aniq bilmayman. Bir kunda 6 ta efilin tabletka ichishga majbur. Ukolini har kuni tunda oladi. Tabletka,ukol qabul qilmagan kuni nafas ololmay xirillab qoladi. Shamol, shabboda kunlari ishonasizmi, tashqariga chiqib bo‘lmaydi. Bolalar va nabiralarimni uyda ihota qilib o‘tiraman. Hamma mahalladoshlar vahimaga tushib qolishgan.

Mahalladagilar ko‘mir zavodini ko‘chirish yoki faoliyatini to‘xtatish masalasida deyarli bormagan,yozmagan joylari qolmadi. Masalan, shu mahallada istiqomat qiluvchi D. Ergashevaning 2018 yil 15 aprel kungi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga qilgan murojaati Rishton tumani va viloyat DSENM tomonidan o‘rganib chiqilib atmosfera havosi tarkibidagi chang miqdori me’yorida, degan xulosa beriladi. Yana bir holat, Xurramobod qishlog‘ida yashovchi X. Ahmadjonovning tuman prokuroriga shu mazmunda yozgan arizasiga Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Rishton tumani inspeksiyasi boshlig‘i R. Fozilovdan javob maktubi keladi. Unda yozilishicha, g‘isht ishlab chiqarish zavodi qurilishiga yer tanlash va ajratish bosqichida aholi yashash punktiga shundoqqina bir devor qo‘shni konturga (!) Farg‘ona viloyat davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan. Ushbu javob xatida yana fuqarolar tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan barcha kamchiliklarga zavod xodimlari tomonidan barham berilayotganligi qistirib o‘tiladi. Rishton tumani hokimi T. Rahimovning 2018 yil aprel oyidagi murojaatga javob maktubida ham olingan namunalar tarkibida chang va is gazlari miqdori me’yor ko‘rsatkichidan yuqori emasligi bayon qilingan.

Ana xolooos! Me’yor ko‘rsatkichlar va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi ijobiy bo‘lsa, shu-uncha muammo osmondan tushdimi. Axir yangi hayotlik fuqarolarning kun sayin xastalanib borayotganligi qog‘ozlarda emas, real hayotda ro‘y berayapti-ku?! Xullas, siz allaqachon xulosa qilgan bo‘lsangiz ajablanmaymiz.

BIZNING XULOSA:

Kim qanday qabul qiladi, bilmadigu,135 xonadon aholisi kuyinib aytayotgan muammolarining yolg‘on joyi yo‘q, bizningcha. Vaqtida tan olib bu masalani bartaraf etish yo‘llarini zudlikda ko‘rish zarur. Aks holda, yana bir necha yillarda bu qishloqda ro‘yxatda va nazoratda turuvchi og‘ir allergik va sil kasalligiga chalingan fuqarolarning soni kun sayin ortaveradi. Farg‘ona viloyati va Rishton tumanidagi har qanday vakolatli tashkilotlarning xurramobodliklar murojaatlariga nisbatan yo‘llagan javob xatlari qanday mazmunda bo‘lmasin, muammo bu bilan o‘z yechimini topib qolmaydi. Aksincha, vaziyat yanada og‘irlashaveradi. Axir bu holatga befarqlik aholiga ochiqdan ochiq suiqasd emasmi? G‘isht zavodidan chiqayotgan qo‘lansa tutunlar aholining kasallanib borayotganiga sabab bo‘lmasa,nega xastaliklarning asl mohiyati,kelib chiqishi 6 yildan buyon asoslab berilmayapti?!

Biz bunday fikrdan yiroqmizu, lekin o‘nlab murojaatlar muntazam ravishda g‘isht zavodi mutasaddilari foydasiga hal etilayotganligiga qaraganda, bu holatda uzoq vaqt davomida korrupsiyaga yo‘l qo‘yib kelingan. Yangi hayotliklar mana shunday fikrda! Fikr uchun esa demokratik jamiyatimizda isbot va dalil talab etilmaydi.

Elyorjon EHSONOV

Manba: xs.uz

Kiritildi: 05:30 29.06.2019. O'qildi: 2471 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!