“Orlando Magic» basketbol jamoasining vise-prezidenti Pet Uillyams shunday degan edi: «Qanday ish sizga xursandchilik olib kelishini iloji boricha erta aniqlab olish kerak va keyin bu ish orqali qanday pul ishlab topishni anglab yetib, bor kuch bilan harakat qilish lozim». Haq gap. Demak, dastlab qaysi sohaga qiziqishingiz yuqori ekanligini bilishingiz kerak. Sir emaski, har bir kishi o‘zi qiziqqan narsani astoydil o‘rganadi. Bundan kelib chiqadiki, o‘rganish asosida sizdagi bilim shakllanadi. Bilim esa kelajakdagi muvaffaqiyatlarning, omadlarning mevasi, shunday emasmi? Boshqalarga nisbatan mahoratli va ishingizning ustasi bo‘lsangiz, sekin-asta sizga, eng asosiysi, ishingizga bo‘lgan talab ortib boradi va o‘z-o‘zidan narxingiz ham oshaveradi. Qoyillatib ish bajardingizmi, pulning o‘zi sizni izlaydi. Faqat pul topishni emas, uni qanday sarflashni ham ko‘ngildagidek uddalay olsangiz marra sizniki bo‘lishi mumkinligini esda tuting. Bu juda ko‘p marta badavlat oilalar tajribasida sinalgan.
Ko‘pincha omad va boylik haqida soatlab gapiramiz-u, ammo o‘zimiz unga erishish yo‘llarini axtarmaymiz. Oldimizga teshik tog‘orani qo‘yib olib, tilla baliqning sinoatidan umid qilib yotaveramiz. Ana, hamma gap qayerda? Dangasa, ishyoqmaslikdan qutulolmadikmi, atrofdagilar oldida nochor odam qiyofasida namoyon bo‘laveramiz.
Maqsad va istaklar to‘g‘risida aniq, yorqin tasavvurga ega bo‘lmaslik muammolar ipini chigallashtirib yuboradi. Demak, istak, xohish va uni harakatga keltirish sizga nihoyatda zarur.