Xitoy 15 sentyabrdan fuqarolar uchun mamlakatdan chiqish, xorijliklar uchun esa kirish tartibiga yangi qoidalarni joriy etadi. Ayrim hollarda viza yoki kirish ruxsatnomasini olish qiyinlashadi.
31 iyul kuni qabul qilingan ushbu 19 moddadan iborat nizom xorijga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, mamlakatdan chiqish va kirish bo‘yicha arizalarga qo‘yiladigan talablarni aniqlashtirish hamda vositachilik xizmatlarini tartibga solishni nazarda tutadi.
Xitoy fuqarolari mamlakatni tark etish uchun topshiradigan arizada safar sababini qonuniy va aniq ko‘rsatishi, shuningdek, tekshiruv jarayonida hamkorlik qilishi shart. Taklifnoma yuborgan tashkilot yoki shaxs taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar bo‘ladi. Agar yolg‘on hujjatlar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilsa, immigrasiya organlari safar hujjatlarini berishni rad etishi yoki mamlakatdan chiqishni taqiqlashi mumkin.
Xitoy vizasi, mamlakatga kirish, qolish yoki yashash ruxsatnomasini olish uchun ariza topshirayotgan xorijliklar ham faqat to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot taqdim etishi shart. Yolg‘on ma’lumot bergan, chegara tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki hujjatlarni qalbakilashtirgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan shaxslarga Xitoyga kirish rad etilishi mumkin.
Shuningdek, immigrasiya, viza organlari yoki Xitoy qonunchiligiga muvofiq cheklov qo‘llangan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi ham cheklanadi.
Yangi qoidalar mamlakatdan chiqish va kirish bo‘yicha vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi agentliklar faoliyatini ham tartibga soladi.
Pulli maslahat berish, hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatish va boshqa prosessual xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi agentliklar tashkil etilganidan keyin 15 kun ichida mahalliy immigrasiya idorasida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Faoliyat yuritayotgan agentliklar esa nizom kuchga kirganidan so‘ng 90 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishni yakunlashi lozim.