Xitoyning Shansi provinsiyasida joylashgan ko‘mir konida sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida kamida 90 kishi halok bo‘ldi.
Reuters agentligi Xitoy markaziy telekanaliga tayanib xabar berishicha, fojia Sin’yuan okrugidagi “Lushenyuy” ko‘mir konida yuz bergan. Portlash vaqtida yer ostida 247 nafar ishchi bo‘lgan.
Hozirda voqea joyida yuzlab qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam xodimlari ish olib bormoqda. 100 dan ortiq odam shifoxonaga olib ketilgan.
Xitoy davlat OAV ma’lumotlariga ko‘ra, konidagi uglerod oksidi miqdori “ruxsat etilgan me’yordan oshib ketgan”.
Si Szinpin jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va tirik qolganlarni qidirish uchun barcha kuchlarni safarbar etishga chaqirdi hamda avariya sabablarini tekshirishni talab qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kon rahbariyati hibsga olingan.