Pekinning sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqaruvchilar va operatorlar markaziga aylanishi kutilayotgan "Yo‘ldosh shahar" (Satellite City) majmuasining markaziy qismi 2026 yilning ikkinchi yarmida qurib bitkaziladi.
Davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, hozirda Xitoyda kosmik uchirishlarning 60 foizdan ortig‘i tijoriy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va ko‘plab korxonalar o‘z aksiyalarini birjaga chiqarishga shoshilmoqda.
"Future Aerospace" kompaniyasi eksperti Gao Ibinning ta’kidlashicha, kosmik uchirishlarni tasdiqlash jarayonining tezlashishi va mahalliy butlovchi qismlar ishlab chiqarilishi tufayli Xitoyning trillion yuanlik tijoriy kosmik bozori yangi bosqichga chiqmoqda. 2026 yilda past orbitali sun’iy yo‘ldosh tarmoqlari, kosmik internet va 6G texnologiyalarining integrasiyasi hisobiga sohada barqaror o‘sish kutilyapti.
Yangi barpo etilayotgan "Yo‘ldosh shahar" aerokosmik sanoat klasterlarini shakllantirishga xizmat qilib, sohaga yirik kapital, iste’dodli mutaxassislar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish uchun asosiy maydon bo‘ladi.