Xitoyda 2025 yil tug‘ilish darajasi rekord darajada pasaydi, aholi soni ketma-ket to‘rtinchi yil kamaydi — CNN.
Xitoy Davlat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakunida mamlakat aholisi 3,39 million kishiga qisqarib, 1,404 milliardni tashkil etdi. Bu Xitoy aholisining ketma-ket to‘rtinchi yil kamayishi hisoblanadi.
O‘tgan yilda mamlakatda 7,92 million bola tug‘ilgan, 11,31 million kishi vafot etgan. Tug‘ilish darajasi har ming kishiga 5,63 nafarni, o‘lim darajasi esa 8,04 nafarni tashkil etgan.
CNN xabariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich Xitoy tarixidagi eng past tug‘ilish darajasi hisoblanadi. Avvalgi rekord past daraja 2023 yilda — har ming kishiga 6,39 nafar ko‘rsatkich bilan qayd etilgan edi. 2024 yilda tug‘ilish biroz oshgan bo‘lsa-da, yangi ma’lumotlar bu holat barqaror o‘sish emas, balki umumiy pasayish tendensiyasidagi vaqtinchalik istisno bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Xitoy hukumatining uzoq yillar davom etgan “bir oila — bir bola” siyosatidan keyin tug‘ilishni rag‘batlantirishga qaratilgan choralar hozircha kutilgan natijani bermayapti.