AQSh Prezidenti Donald Tramp Ayova shtatida Xitoy bilan uzoq kutilgan savdo bitimini imzolashi mumkinligini aytdi. Dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega bu ikki mamlakat o‘rtasida qariyb 16 oydan beri savdo urushi davom etmoqda.
«Biz muzokaralar uchun turli joylarni ko‘zdan kechirmoqdamiz. Bu hatto Ayova shtatida ham bo‘lishi mumkin”, dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
Tramp va Xi savdo kelishuvini 16-17 noyabr kunlari Chilining Santyago shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitida imzolashlari kutilayotgan edi. Ammo ayni paytda davom etayotgan namoyishlar sabab Chili bu sammitga mezbonlik qilishdan bosh tortdi.
AQSH-Xitoy savdo urushi AQSh soya va boshqa ekinlarning eksportini susaytirgan bo‘lsa-da, Tramp so‘nggi ikki yil ichida fermerlarga yetkazilgan zararni 28 milliard dollarlik yordam orqali qoplashga intildi. Shuning uchun fermerlar orasida Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘plab topiladi.