U harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin, deya xabar bermoqda Reuters.
Pekin Parasel arxipelagidagi Antelop rifida sun’iy orol qurishning birinchi bosqichini yakunladi. Tahlilchilarning fikricha, bu ob’ekt Xitoyning eng yirik harbiy bazasining bir qismiga aylanadi.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, olti oylik ishlardan so‘ng kemalar va dredjerlar (suv tubidagi loy, qum, shag‘al va tuproqni kavlab olish hamda tozalash uchun mo‘ljallangan maxsus texnika) hududni tark etgan. Vantor kompaniyasining 19 iyuldagi suratlarida orolning janubi-sharqiy qismida vertolyot maydonchasi va boshqa binolar qurilishi boshlangani ko‘rinadi.
Orolning uzunligi deyarli 6 kilometrni tashkil etadi. U yerdagi 3 kilometrdan ortiq to‘g‘ri qirg‘oq chizig‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etilishi mumkin. Shuningdek, u yerda 680 metrlik chuqur suv porti ham qurilgan.
Xitoy Mudofaa vazirligi bu holat bo‘yicha izoh bermadi. Mamlakat rasmiy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, bu ob’ekt ob-havo prognozi va ilmiy tadqiqotlar kabi fuqarolik ehtiyojlariga xizmat qiladi. Biroq Vetnam bu harakatlarga keskin qarshilik bildirib, orol ustidan o‘z suverenitetini da’vo qilmoqda.
Ekspertlar orol Xitoyning mintaqadagi harbiy mavqeyini mustahkamlashiga ishonch bildirmoqda. Antelop rifi Tayvan bilan mojaro yuzaga kelgan taqdirda muhim strategik nuqtaga aylanadi.
Kiritildi: Bugun 12:22.
O'qildi: 650 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.