Vashington Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) qarshi yangi kampaniya boshlanganini e’lon qilib, mamlakatlarni XJS faoliyat yuritadigan Rim statutidan chiqishga chaqirdi.
Davlat kotibi Marko Rubio "XJS AQSh suverenitetiga tahdid solmoqda", deb bayonot berdi. Vashington sud xodimlariga nisbatan yangi cheklovlar, jumladan, sudyalar va prokurorlarga viza taqiqlari hamda sanksiyalar joriy etishga tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, XJS bosh prokurori Karim Xonga qarshi jinsiy shilqimlik ayblovi tufayli sud ichki inqirozni boshdan kechiryapti.
Sudga a’zo davlatlarga taqdim etilgan tergov ma’lumotlariga ko‘ra, prokuror sobiq qo‘l ostidagi xodim bilan bo‘lgan munosabatlarda o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan bo‘lishi mumkin. Xon ayblovlarni rad etib, ularni o‘z ishini obro‘sizlantirishga urinish deb atadi.
Xon 2021 yildan buyon XJS prokuraturasini boshqarib keladi va Vladimir Putinga nisbatan ukrainalik bolalarni deportasiya qilish ishi bo‘yicha hibsga olish orderini qo‘lga kiritib, jahon miqyosida tanilgan.
U, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan G‘azo sektoridagi urush bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha hibsga olish orderlarini chiqarishni tashabbus qilgan edi. Karim Xonning kelajagi borasidagi qaror 24 iyul kuni qabul qilinishi kerak.
Ovoz berish natijalaridan qat’i nazar, XJS jiddiy obro‘-e’tibor yo‘qotishi mumkin. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi allaqachon sudni AQSh bosimidan himoya qildi va bir qator davlatlar Ukraina, G‘azo va Sudan bo‘yicha tergovlarga ishonchni saqlab qolish hozirgi paytda muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi, deyiladi nashr xabarida.