Bugun 14 sentyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Xakerlar Berlinning dronlar haqidagi maxfiy hujjatlarini internetga tarqatdi

Xakerlar Berlinning dronlar haqidagi maxfiy hujjatlarini internetga tarqatdi


Xakerlar guruhi Berlin hukumatiga tegishli 5,79 terabayt hajmdagi ma’lumotlarni o‘g‘irlagan. Bu taxminan 1,5 millionta faylni tashkil qiladi. Rhysida xakerlar guruhi ushbu ma’lumotlar uchun qariyb 2 million yevro talab qilgan, ammo to‘lov muddati tugagach, arxivni internetga joylashtirgan.

BILD nashri ma’lumotlar orasidan dronlarga oid yuzlab hujjatlarni aniqlagan. Ularda 2025 yil avgust oyida Vladimir Zelenskiyning Berlinga tashrifi vaqtida qayd etilgan shubhali dron parvozlari, shuningdek, Berlin-Brandenburg aeroportiga ehtimoliy hujumlar haqida ma’lumotlar bor.

Berlin va Brandenburg aviasiya idoralarining maxfiy hujjatlaridan birida dronlar qo‘riqlanadigan hududga «istalgan vaqtda xavfli buyumlarni yetkazishi mumkin»ligi haqida ogohlantirilgan. Shu bilan birga, internetda dronlarni portlovchi moddalar bilan jihozlash bo‘yicha ma’lumotlarni topish oson ekani qayd etilgan.

Muammoning ko‘lamini 2025 yil yozidagi 19 kunlik kuzatuv ma’lumotlari ko‘rsatadi. Aeroportdan 30 kilometr radiusda 2093 ta dron parvozi qayd etilgan. Hukumat va federal polisiya har kuni xavfli parvozlarni aniqlagan hamda dronlar havo harakatiga tahdid solgan bir nechta «xavfli nuqta»ni belgilagan.

Zelenskiyning tashrifi ayniqsa tashvishli bo‘lgan. 2025 yil 13 avgust kuni hokimiyat organlari 50 ta «muhim» dron parvozini qayd etgan. Ulardan 10 tasi maxsus belgilangan uchish taqiqlangan hududga kirgan, to‘rttasi esa aeroportga juda yaqin masofadan o‘tgan.

Holatlardan birida dron Ukraina delegasiyasi bo‘lgan samolyotning qo‘nish trayektoriyasidan atigi 400 metr uzoqlikda uchgan. Boshqa bir holatda esa dron Myuggelxaym hududidan uchib, federal kansler idorasi yaqinidan o‘tgan va yana orqaga qaytgan. Taxminan bir soat o‘tgach, Zelenskiy vertolyotda shunga o‘xshash yo‘nalish bo‘yicha uchib o‘tgan.

Ma’lumotlar sizib chiqishidagi yagona xavotirli jihat bu emas. Hokimiyat organlari aeroportga dronlar orqali ehtimoliy hujumlar haqida ham ogohlantirgan. Zelenskiy tashrifi vaqtida ayrim muhim reyslar uchun joriy etilgan xavfsizlik choralari esa «samarasiz» deb baholangan.

Kiritildi: 21:22 13.09.2026. O'qildi: 520 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!