Jurnalist Migel Serrano ma’lumotiga ko‘ra, “Qirollik klubi” braziliyalik futbolchisi Vinisius Juniorning 2027 yil yozida jamoadan erkin agent sifatida ketib qolishidan xavotir olmayapti.
Hujumchining o‘zi “Real” prezidenti Florentino Peresga bunday qilmaslikka shaxsan va’da bergan.
Vinisius “Real”da uzoq yillar qolish niyatida ekanini bildirgan. Hatto shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan taqdirda ham, u faqat “Real” uchun manfaatli bo‘lgan summa evaziga ketishi mumkinligini ta’kidlagan.
Vinisius Junior 2018 yilda “Flamengo”dan “Real”ga 45 million yevro evaziga o‘tgan edi. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yil 30 iyungacha amal qiladi. Tomonlar anchadan beri yangi bitim bo‘yicha kelisha olmayapti.
Joriy mavsumda hujumchi Madrid klubi safida barcha musobaqalarda 53 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol va 14 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.