Bugun 18 may, 2024 yil, shanba

КИР

Vashingtonda “Bahorgi yig‘ilishlar” doirasida xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

Vashingtonda “Bahorgi yig‘ilishlar” doirasida xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

Joriy yilning 16–19-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi delegasiya AQSh poytaxti Vashington shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki guruhi tomonidan har yili tashkil etiladigan “Bahorgi yig‘ilishlar” doirasida bir qator xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vise-prezidenti Antonella Bassani bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.

Yig‘ilish avvalida Jahon banki vise-prezidenti O‘zbekiston hukumatining joriy yilning 1 mayidan yoqilg‘i-energetika sohasida tariflarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholadi va amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Mazkur islohotning ahamiyati ta’kidlanib, Jahon banki tariflarni liberallashtirishga keng qamrovli islohotlar matrisasini amalga oshirishdagi hal qiluvchi qadam sifatida qarashi ma’lum qilindi.

Uchrashuv doirasida “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masasugu Asakava bilan uchrashuvda davom etayotgan tashqi ta’sirlarga qaramay, O‘zbekistonning yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishishdagi qat’iyati yuqori baholandi. Asakava bunday mustahkamlikni mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan qat’iy islohotlar bilan bog‘ladi.
“Bahorgi yig‘ilishlar” davom etar ekan, O‘zbekiston delegasiyasi hamda Xalqaro moliya korporasiyasi boshqaruvchi direktori va ijrochi vise-prezidenti Maxtar Diop o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va XMK o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy masalalari, shuningdek, qurilish bozorini tartibga solish tahlilini amalga oshirishda ko‘maklashish va “yashil” qurilishni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash mavzulari muhokama qilindi.
Qatar moliya vaziri Ali bin Ahmad Al Kuvariy bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar davlatlari rahbarlarining kelishuvlarini amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, Qatar banklari, moliya institutlari va yirik korxonalarning O‘zbekistonda davlat korxonalarini transformasiya qilish va xususiylashtirish hamda istiqboldagi DXSh loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegasiyasi bilan Jahon banki guruhining bir qismi bo‘lgan Ko‘p tomonlama investisiya kafolatlari agentligi (MIGA) vise-prezidenti Efiopis Tafara o‘rtasidagi uchrashuvda MIGA operasiyalaridagi muhim o‘zgarishlar e’lon qilindi.

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab Jahon banki guruhiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan chiqarilgan kafolat vositalarini boshqarish MIGA boshqaruviga o‘tkaziladi. Ushbu o‘zgarish Jahon banki guruhi doirasidagi jarayonlarning samaradorligi va markazlashtirilishini mustahkamlashga qaratilgan.

Kiritildi: 11:33 25.04.2024. O'qildi: 531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!